“Inter” - “Shaxtyor”: prevyu

  • 17 avgust, 2020, 23:35
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha “Sevilya” “Shaxtyor” uchun ajoyib master-klass o‘tab berdi. 90 daqiqa mobaynida ustunlik namoyish etish hali g‘alaba degani emasligini ko‘rib oldik. Muhimi, ukrainlar ham buni o‘zlariga dasturilamal qilib olgan bo‘lsalar kifoya. Ammo o‘yin boshlanmasdanoq ularni ikkinchi raqamli jamoaga chiqarib qo‘yishdan yiroqmiz. Ammo “Inter”ning xalqaro maydondagi ulkan tajribasi va tarkibidagi jahon darajasidagi futbolchilarni inobatga olgan holda ular ehtiyotkor futbol namoyish etishi tabiiy.
Ammo joriy mavsum evrokuboklar shu qadar katta sensatsiyalarga boy bo‘lyaptiki, har kuni qandaydir kutilmagan voqea bizni hayratda qoldirmoqda. 90 daqiqalik futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin va biz mana shunday davrga qarab ketmoqdamiz. Ikki “o‘zga sayyoralik”ning davri tugashi bilan futbolda teng kuchlar davri boshlanmoqda. Van Bastenning ketma-ket oltin to‘plaridan so‘ng shu kabi davr 15 yil davomida futbol olamida hukmronlik qildi. Bu davrda “Valensiya” EChL finallarida ketma-ket o‘ynadi, “Portu” uni yutdi, Gretsiya Evropa chempioni bo‘ldi. Yuqoridagi kabi natijalar Ronaldu va Messi erasigacha davom etdi. Ularning davri mobaynida yoki ikkisidan biri, yoki bo‘lmasa mavsum avvalidayoq ularni to‘xtatishi taxmin qilinganlar g‘alabaga erishdi. Ikki buyuk futbolchining davri deganda 2008-2018 yillarni inobatga olish maqsadga muvofiqroq. Undan so‘ng yana sensatsiyalar boshlanib ketmoqda: Xorvatiya jahon chempionati finalchisi, “Ayaks” Evropa grandlari kushandasi, “Lion” dahshatli raqiblarni ham engishga qodir.
Bularning bugungi uchrashuvga aloqasi shundan iboratki, ikkala jamoa mana shunday teng futbol zamonidan nafas olmoqda. Lukakuning dahshatli gavdasidan unumli foydalana oladigan “Inter” ham, braziliyaliklar bilan to‘lib toshgan “Shaxtyor” ham bir xil imkoniyatlarga ega.

“Inter”

Milanliklar Evropa Ligasida o‘tkazgan so‘nggi ikki o‘yinida ham raqibini yutib yuborgudek shiddat va kuch namoyish etmadi. Barchasi tajriba orqasidan kelmoqda. Jamoada minimal imkoniyatlardan maksimal foyda chiqara oladigan ijrochilar etarli. Bugun ham Antonio Konte shogirdlari raqiblariga ustunlikni berib, o‘z vaziyatini kutishga qarshilik qilmasa kerak. Ayniqsa, raqib to‘pni juda yaxshi ko‘ruvchi, turli ishlanmalar bilan himoyani yorib o‘tishni uddasidan chiqa oladigan jamoa. Jismoniy imkoniyatlar jihatidan “konchilar”da “nerradzurilar” himoyasidagilardan yaqqol ustun hisoblanadigan hujumchilar yo‘q. Biroq Ukraina chempionlari italyan klubiga sovg‘a tayyorlab qo‘ygani aniq.
Taxminiy tarkib: Xandanovich, Godin, De Vrey, Bastoni, Dambrozio, Barella, Brozovich, Galyardini, Yang, Lautaro, Lukaku.
Ishtirok eta olmaydi: Vesino, Sanches.

“Shaxtyor”

Tecno

Yuqorida ta’kidlangan braziliyaliklar “Shaxtyor”ning eng ustun tarafi. Aniq paslar, texnika, kuchli zarbalar ularning o‘yin uslubi hisoblanadi. Va aynan shu jihatlar tufayli “konchilar” bu bosqichgacha duch kelgan raqiblari posbonlarini ayab o‘tirmadi. Shuningdek, darvozada tajribali kiper Andrey Pyatovning borligi jamoaning qolgan a’zolari uchun ham motivatsiya, ham mas’uliyat. U o‘yinni boshqaradi, sheriklariga oldinga o‘tishni, orqa chiziqda sergaklik saqlashni buyuradi. Ustiga-ustak, ular bu bosqichga etib kelgan jamoalar ichida o‘z milliy chempionati g‘olibi sifatida ruhiy ustunlikka ega. Bu faktorlar bizga bugungi o‘yin intrigasini oshirib berishiga ishonamiz.

Taxminiy tarkib: Pyatov, Dodo, Krivtsov, Xocholava, Matvienko, patrik, Stepanenko, Marlos, Antonio, Tayson, Moraes.

Murabbiylar

Antonio Konte: “Shaxtyor”ni qattiq hurmat qilamiz. Ular bir necha yillardan beri ajoyib o‘yin namoyish etmoqda va bugungi bahsga ham kuchli tayyorlanishlari aniq. Ular shu bosqichgacha o‘ynaydigan eng kuchli raqibimiz hisoblanadi, ammo biz finalga chiqishni istaymiz. Bu bizning maqsadimiz.

Luish Kashtru: "Biz bu final oldidan juda katta ishtiyoq bilan mashg‘ulot o‘tkazdik. Bizga notanish bo‘lmagan kuchli klubga qarshi o‘ynaymiz. Konte o‘z jamoasida ajoyib muvozanat hosil qila olgan. Futbolchilar hujum va himoyada murakkablik tug‘dira olishadi. Ammo biz barchasiga tayyormiz".

Murabbiylarning fikrlaridan ham ko‘rinib turibdiki, ular o‘z raqiblarini puxta o‘rgangan. Demak, bugun ikki mutaxassis o‘rtasida ham juda qiziqarli kurash ko‘ramiz. Finalda bu ikki klubni “Sevilya” qarshi oladi. Biroq bu haqida o‘ylashga ularning hozircha haqqi yo‘q.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!