Ilyos Zeytullaev: "Futbolchi qolishni istamasa uni majburlab bo‘lmaydi"

  • 12 avgust, 2024, 01:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Bunyodkor” – “Andijon” (2:0) o‘rtasidagi bellashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev ayrim savollarga javob qaytardi.

Tecno

- O‘yinni yaxshi boshladik. Bu g‘alabani ancha kutgandik. Bu yo‘lda barchamiz birlashib harakat qildik. Bugungi g‘alabadan keyin rahbariyatni tabriklayman. Ular doim biz bilan birga bo‘lishyapti va qo‘ldan kelganicha barcha imkoniyatlarni yaratib berishyapti. G‘alaba qozonishimiz uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilib bermoqdalar. Shuningdek, g‘alabada o‘yinchilarimizning mehnati katta. Kimnidir alohida ajratib ko‘rsatmayman. Bu butun jamoaning g‘alabasi.

- Bugun o‘ziga xos taktika tanlandi va standartlardan unumli foydalandinglar. Bu uchrashuv uchun tanlangan alohida tayyorgarlikmidi yoki mana shunday uslubga o‘tdimi?

- Alohida biror nimani ayta olmayman. Faqat g‘alaba uchun tayyorgarlik ko‘rgandik va o‘z taktikamizni qo‘llagan holda bor kuchimizni ishga soldik. Bugungi uch ochko oltinga teng ekanligini futbolchilar yaxshi his qilishgandi va ular yaxshi harakat qilishdi. Raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini chuqur o‘rganib chiqqandik. Bellashuvga yaxshi tayyorlandik. Men muxlis bo‘lganimda albatta “Andijon”ga qarshi o‘yinni ko‘rish uchun stadionga tushgan bo‘lardim. “Andijon”ga o‘z o‘yinini ko‘rsatayotgani uchun tashakkur aytishim kerak. Chunki “Andijon”ni kuchli jamoa deb hisoblayman. O‘yinni tashkil qilish bo‘yicha juda yaxshi harakat qila oladilar.

- Jamoangizning ikkinchi davraga tayyorgarlik haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik, bizda do‘stona muhit shakllangan. Jismoniy holatimizni ham yaxshilashga e’tibor qaratdik.

- Raqibga qarshi qanchalik darajada tayyorgarlik ko‘rgandinglar?

- Albatta, siz ham bu sport turini yaxshi ko‘rasiz. “Andijon”ni o‘yinlari yaxshi shakllangan. O‘yin tashkil qilish va jismoniy tomondan ham ancha yaxshi o‘yin namoyish qila oladi. “Andijon” chempionatimizdagi jamoaviy o‘yin ko‘rsatadigan eng yaxshilaridan biri. Shu bois markazda faol bo‘lishga intildik. Asad, Amir kabi o‘yinchilarni maydonga tushirishimiz ham o‘zini oqladi. Jamoamiz sardori Temurxo‘ja ham ancha yordam berdi, u sifatli futbolchi. O‘yinchilar ko‘rsatmalarimizni a’lo darajada uddaladilar. Ular o‘yinni yaxshi o‘qiy oldilar.

- Birinchi taym 0:0 bilan yakunlangach, tanaffusdan keyin nimanidir o‘zgartirishga harakat qildingizmi?

- Albatta, raqibning imkoniyatlaridan kelib chiqib ko‘rsatmalar berdik. Chunki “Andijon” o‘ziga yarasha ayyor klublardan biri hisoblanadi. Maydonda ba’zi-bir joylarda xatolarimiz ham ko‘zga tashlandi. Lekin xatolarni to‘g‘rilashga harakat qilishdi. Raqibning kuchli jihatlarini bilganimiz uchun himoyachilarimiz shunga yarasha etarli darajada kurashishdi. Hujumga alohida tayyorlangandik va bir qator imkoniyatlarni yaratdik.

- Mahmud Mahamadjonov “Paxtakor”ga ko‘chib o‘tdi. U jamoangizning muhim futbolchilaridan biri edi. Shuningdek, yozda bir qator legionerlar taklif qilindi. Ular haqida nima deya olasiz?

- U o‘zi ketishni xohladi. Shuning uchun qarshilik bildirmadik. Mahoratli o‘yinchi ekanligini bilamiz. Ammo har qanday holatda ham futbolchi qolishni istamasa uni majburlab bo‘lmaydi. O‘yinchida klubga nisbatan xohishi bo‘lmasa ushlab turishdan foyda yo‘q. Shu boisdan ketishga to‘sqinlik qilmadik. Unga omad tiladik. Legionerlarga to‘xtalsam, bizda selektsionerlar bor. Ularga qaysi pozitsiyalarga futbolchilar zarurligini aytishim mumkin. Shundan so‘ng chiziqlarga mos o‘yinchilarni topish bilan shug‘ullanishadi. Bu savolga selektsioner murabbiylardan so‘raganingiz ma’qulroq.  

- Birinchi bo‘lim oxirlarida “Andijon” futbolchisiga to‘pni tezkorlik bilan uzatib bergan bolboyga klub vakili va siz e’tiroz bildirdingiz. Yosh bolaga bunday baqirish juda yoqimsiz holat. Bu holatga nima deya olasiz?

- Biz o‘sha boladan uzr so‘radik. To‘g‘ri aytyapsiz, bu yomon holat. Aytishim mumkinki, bu “emotsiya” paytida ro‘y berdi. O‘sha bolboyga o‘yindan keyin futbolkamizni sovg‘a qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!