Ilhom Qurbonov: Muzokaralar ijobiy yakunlansa, Xomyakov “Andijon”da ishlashi mumkin

  • 29 may, 2019, 16:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 6
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘tgan haftada Andijonda shunday gap tarqadi: jamoaga yana yangi mutaxassis kelayotgan ekan va unga ko‘ra bosh murabbiylikka Aleksandr Xomyakov tayinlanishi mumkin. Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Biz esa voqealar rivojini kuzatgan holda ushbu vaziyatga chuqurroq yondashishga harakat qildik. Chindan ham “Mash’al” klubini boshqarib kelayotgan rossiyalik mutaxassis o‘tgan hafta o‘rtalarida Andijonga kelib, jamoadagi ishlar bilan yaqindan tanishdi. Mashg‘ulotlarni kuzatdi, klub rahbarlari bilan gaplashdi hamda Namanganda “Navbahor”ga qarshi bo‘lib o‘tgan vodiy derbisini ham tomosha qildi.

Tecno

Aslida so‘nggi paytlarda «Mash’al»ning bosh murabbiyiga Superliganing ayrim jamoalaridan qiziqishlar bo‘layotganligi haqidagi ma’lumotlarni eshitib turgandik. Bu borada «Andijon»dan tashqari «Buxoro» va «Surxon» klublarining nomlari ham tilga olinayotgandi. Ammo ko‘rinishidan Xomyakovga andijonliklarning ishtiyoqi ancha jiddiyga o‘xshaydi. Mavsumni Eldor Sakaev boshchiligida boshlagan «Burgutlar» ketma-ket ochkolarni yo‘qotavergach, 8-turdan keyin Jamshid Saidov vaqtinchalik bosh murabbiylik vazifasiga kirishgandi. Lekin Sakaev klub tizimida qolganini ham aytish joiz. Jamoa esa Saidov boshchiligida «Paxtakor»ga yirik hisobda yutqazgan bo‘lsa, Namanganda «Navbahor» bilan durang o‘ynab qaytdi. Lekin hali mavsum oxirigacha uzoq davom etadi va shu bois «Andijon» Xomyakovga jiddiy qiziqayotgan bo‘lsa ham ajab emas. Hozircha murabbiyning «Andijon»da ish boshlash masalasi to‘liq yakunlangani yo‘q. Chunki mutaxassisning «Mash’al» bilan tuzilgan shartnomasi bor. Xo‘sh, bu vaziyatga «Mash’al» rahbarlari qanday munosabatdalar? Shuning uchun klub vitse-prezidenti Ilhom Qurbonov bilan bog‘lanib, Xomyakov masalasiga oydinlik kiritishga harakat qildik.

- Aleksandr Andreevich bilan qishda ikki yillik yangi shartnoma imzolaganmiz, - deya gap boshladi, Qurbonov. - Lekin shartnoma bandida unga agar Superliga jamoasidan taklif bo‘ladigan bo‘lsa, buni ko‘rib chiqamiz degan joyi bor. “Andijon” esa bizga Xomyakov bilan muzokara olib borish uchun ruxsat so‘rab xat bilan murojaat qildi va biz bosh murabbiyimizni andijonliklar bilan muzokara olib borishiga ijozat berganmiz. Xomyakov esa buning uchun Andijonga borib, avval sharoitlarni ko‘rmoqchi bo‘ldi.

- Xomyakov bilan 10 yil davomida birgalikda hamkorlik qilib keldinglar. Endi ko‘rinishidan u bilan xayrlashish vaqti etib kelgandek...

- Aslida biz murabbiyimiz bilan ishlashda davom etaveramiz. Ammo uni ham ko‘ngliga qarashimiz kerak. U ham Superligada ishlamoqchi va Osiyo Chempionlar ligasida murabbiylik qilmoqchi. “Andijon” bilan muzokaralarni olib boryapmiz. Agar muzokaralar ijobiy yakunlansa, Aleksandr Andreevich “Andijon”da ish boshlashi mumkin. Shunday ekan, hammasi muzokaralarga bog‘liq. To‘g‘ri, Xomyakovning “Mash’al”da tutgan o‘rni kichkina emas. U jamoamizda 8 yil davomida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan bo‘lsa, ikki yilcha yordamchi murabbiy sifatida ham mehnat qilgan. Uning jamoamizga qo‘shgan hissasi katta. Akademiyamizning rivojlanishida mutaxassis ulkan ulush qo‘shdi. Lekin mening fikrim shundayki, jamoa hech qachon bir kishiga qarab qolmasligi kerak. Balki bo‘ladigan o‘zgarishlar yaxshilikka olib kelar. Mabodo, u ketgan taqdirda ham “Mash’al”dagi ishlab turgan mexanizm to‘xtab qolmaydi. Xomyakov masalasida “Andijon” bilan kelishib olsak, uning o‘rniga o‘zimizning yosh kadrlarimiz ishni davom ettirishadi. Agar mavsum oxirigacha ishonchni oqlay olmasdan turli qiyinchiliklarga duch kelishsa, chetdan boshqa mutaxassis olib kelish rejasini ko‘rib chiqamiz.

- Xomyakov ketadigan bo‘lsa, uning o‘rnini aynan qaysi murabbiy egallaydi?

- Hozirgi kunda murabbiylik litsenziyasi bor bo‘lib, ishlash huquqiga ega bo‘lgan Asror Aliqulovni ayta olaman. U Xomyakovning birinchi yordamchisi. Aslida Aliqulovni “Mash’al”ga olib kelishimizning asl mohiyati ham shunga yaqin edi. Baribir kun kelib Aleksandr Andreevich ketaman deb aytishi mumkin edi. Yoki bo‘lmasa ikki yil davomida pro-ligada ishlab o‘z ishidan qoniqmasdan ko‘ngli sovushi ham mumkin edi. Shuning uchun rahbariyat yangi qon kerak desa, bunga ham tayyor turishimiz kerak edi.

- Qishda ham Aleksandr Xomyakovning mavzusi ko‘tarilgandi va uni jamoada qolishi yoki ketishi dolzarb masalaga aylangandi. Shunday vaziyatda siz u bilan yangi ikki yillik shartnoma imzolagandingiz. Hozir esa vaziyat yana o‘zgaradigan bo‘lib turibdi. Biroq o‘rtada shartnoma masalasi ham bor. Bu borada vaziyatga qanday echim topmoqchisizlar?

- Buning uchun “Andijon” bilan muzokarani boshladik. Bir narsaga hayron qolaman, bungacha biz bilan hamkorlik qilib kelayotgan xorijlik tanishlarim bilan gaplashganimda murabbiyning shartnomasi bo‘lsa, uni sotish huquqiga egamanmi-yo‘qmi, degan savolni o‘rtaga tashladim. Aslida ham uning “Mash’al” bilan shartnomasi bormi, demak uni sotish huquqiga egaligimni ta’kidlashyapti. Shu bois murabbiyni sotaman desam, boshqalar murabbiy ham sotiladimi, bunday qilib yangilik kiritib, Amerika kashf qilma degan gaplarni ham aytishyapti. Axir bizda marketing ishlayapti va uni qanday rivojlantiraman, demak, buning uchun o‘zim istagan ishni qilamanmi? Bu vaziyatda kimni sotishimni nima farqi bor? Bir yillik shartnomasi bor bo‘lgan futbolchini sotdim nima-yu, murabbiyni sotdim nima? Shunday ekan, mening fikrim shunday: uni biz bilan shartnomasi bormi, demak uni sotish huquqiga egaman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Anvarbek
29/05/2019 17:28
Худо хохласа100% АНДИЖОНда иш бошлайли сабаб Ж.Саидов билан бирга эскиддан ишлаган Саидов сабабчи келишига
Behzod Aliev
30/05/2019 13:46
Андижон Намангандагидай уйин чузишлар булмасин мухлисларга чиройли уйин курсатинглар Аллох насиб килса бутун Узбекистон хурмат килалиган жамоа булинглар
Behzod Aliev
30/05/2019 13:43
Андижон омад факат омад
Behzod Aliev
30/05/2019 13:42
Агар чиндан хам уз ишини устаси булса Андижонга олиб келиш керак Андижонни юкори уринларга олиб чикиш керак
&
SaidazimXon
29/05/2019 20:20
Хомяков яхши мураббий Андижонга келса яхши томонга ўзгаришлар бўлади Худо хоҳласа
&
Абдулла дед
29/05/2019 17:33
Ўзгартириб юборса зўр бўлардида жамоани