
Ildar Mamatkazin: "Finalga bir qadam qoldi. Muxlislarimiz bizga ishonishyapti"
“Andijon”ni oldinda juda muhim hamda mas’uliyatli o‘yinlar kutyapti. Jamoa chempionatda ham, O‘zbekiston Kubogida ham o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi sari odimlab bormoqda.
“Burgutlar” 30 avgust kuni Kubok yarim finalida “Bobur arena”da “Surxon”ni qabul qiladi. Ungacha esa bu klublar 18 avgust kuni chempionat doirasida “Bobur arena”da kuch sinashadilar.
Jamoa a’zolari bor e’tiborini avvalo 18 avgust kuni bo‘ladigan uchrashuvga qaratishga. “Andijon” sardori va etakchisi Ildar Mamatkazin esa klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- Ildar "Andijon" jamoasining O‘zbekiston Kubogi yarim finalidagi raqibi ham aniqlandi. Jamoa o‘z maydonida "Surxon"ga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldi. Siz bu qur’ani kutganmidingiz? Nima deya olasiz?
- Ha, kuni kecha O‘zbekiston Kubogi yarim finaliga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, bizga “Surxon” jamoasi tushdi. Kutganmanmi? Aytish mumkinki, bu o‘z nomi bilan qur’a. Qur’ada esa har bir jamoa raqib bo‘lishi mumkin va har narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak.
- Qizig‘i, “Andijon” 18 avgust kuni "Surxon"ga qarshi "Bobur arena"da Superliga doirasida ham o‘ynaydi. Oradan ko‘p o‘tmasdan jamoalar Kubokda ham to‘qnashishadi. Bir jamoa bilan qisqa fursat ichida ikki marta to‘qnash kelish noqulay emasmi?
- Ha, 12 kun ichida “Surxon” bilan ikki marta o‘ynaymiz. Qulaymi yoki noqulaymi, baribir maydonga chiqib, yaxshi natijaga erishishimiz kerak. Biz har bir uchrashuvda g‘alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilish bor kuchimizni ishga solamiz, bu aniq.
- Ayni paytda jamoani “Surxon”ga qarshi o‘yinga tayyorgarligi qanday davom etyapti?
- Bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarligimiz yaxshi bo‘lyapti. “Surxon” jamoasi jiddiy raqib. Bejizga ular yarim finalga etib kelishmadi va chempionatda ham yaxshi natija ko‘rsatishyapti. Biz ushbu uchrashuvga jiddiy tayyorlanyapmiz. Qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Muxlislarimizni g‘alaba bilan xursand qilish maqsadida mehnat qilyapmiz.
- O‘zbekiston Kubogi finaliga bir qadam qoldi. Buni his qilish bosimni sezdiradimi yoki hayajonnimi?
- “Andijon” jamoamiz tarixda birinchi marta Kubok musobaqasida yarim finalga chiqdi. Endi finalga bir qadam qoldi. Albatta, hayajon va bosim bo‘ladi. Ma’suliyatni hamma bilib turibdi. Xudo xohlasa, muxlislarimizni yordami bilan finalga chiqamiz.
- Ikkinchi davrani kutilmaganda ikkita mag‘lubiyat bilan boshlagan jamoa o‘tgan o‘yinlardan qanday xulosa chiqardi?
- Ha, ikkinchi davrani omadsiz boshladik. Futbolda shunaqasi ham bo‘lib turadi. Biz to‘g‘ri xulosa chiqarib, ushbu omadsizlikni o‘zimiz engib o‘tishimiz kerak. Hammasi o‘z qo‘limizda. Mehnat qilishda davom etamiz. Muxlislarimiz bizga ishonishyapti. Mana, kecha fan-klubimiz mashg‘ulotimizga kelib, bizga ancha dalda berdi, qo‘llab-quvvatladi. Bu ham bizga ancha kuch beradi. Shu fursatdan foydalanib, ularga rahmat aytmoqchiman, jamoamiz nomidan. Biz ham ishqibozlarimizning ishonchini qozonish uchun oxirigacha kurashamiz.
Fikrlar