
"Ikkita shartnoma taklif qilingan, muzokaralar paytidayoq meni tabriklashni boshlagandilar". "Andijon"ning yangi legioneri yana nimalarni aytdi?
“Andijon” yangi mavsum uchun legionerlar limitidan to‘liq foydalandi. Endi jamoada 6 nafar xorijlik o‘yinchi bor. Ulardan biri tojikistonlik Axtam Nazarov bo‘lib, uni ishqibozlar yaxshi taniydilar.
“Andijon”ning Antaliya yig‘inida qo‘shilgan ushbu tajribali himoyachi Tojikiston milliy terma jamoasi sardori va etakchisi. Uzoq vaqt “Istiqlol” sharafini himoya qildi.
Endi esa bor e’tiborini “Andijon”ga qaratadi. Superliganing yangi legioneri dastlabki taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi va yana qator savollarga javob qaytardi.
- Axtam, qachondir O‘zbekiston chempionatida to‘p surishingiz haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
- Qachonlardir O‘zbekiston chempionatida o‘ynash haqida o‘ylaganmanmi? O‘z vaqtida menga ikkita shartnoma taklif qilingan. Biri “Buxoro”dan bo‘lib, o‘sha paytda klub bosh murabbiyi Muhsin Muhammadiev edi. U menga qo‘ng‘iroq qilib jamoasida to‘p surishimni taklif qilgandi. “Buxoro”ga kelishni istaganman. Ammo boshqa klub bilan shartnoma imzolaganim bois buning imkoni qolmagan. Shundan so‘ng, xizmatimga ko‘z tikayotgan klublar borasida turli xil mish-mishlar qulog‘imga chalingan. Lekin ish aniq bir taklifgacha etib bormagan. Bu safar esa menga tayinli taklif bilan chiqishdi va men o‘zim uchun yangi bo‘lgan chempionatga tashrif buyurdim.
- Siz boshqalar singari klubini tez-tez almashtirib turadigan futbolchi emassiz. “Istiqlol”da uzoq yil to‘p surdingiz. “Andijon”dachi?
- O‘zingiz ta’kidlab o‘tganingizdek, uzoq vaqt “Istiqlol”da to‘p surdim va bu klubga, ayniqsa, jamoa prezidenti Shoxruh Saidzodaga o‘z minnatdorligimni bildirib qolaman. Chunki u erdagilar menga ishonch bilan qarashdi hamda hammasi juda yaxshi o‘tdi. Bu yil esa yo‘llarimiz ayro tushdi. “Andijon”da maksimum darajada to‘p surishni istayman. Shu bilan birga klub oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishga hissamni qo‘shmoqchiman. Sizga faqat shuni aytishim mumkin. “Istiqlol”dagidek bu klubda ham uzoq o‘ynay olaman deyishim qiyin. Boz ustiga “Istiqlol”da hammasini isbotlab berganman. “Andijon”da esa barchasini bir boshidan boshlashim va isbotlashimga to‘g‘ri keladi. Bosh murabbiy va klub nimani istar ekan, bajarishga harakat qilamiz, qolganini vaqt ko‘rsatadi.
- “Andijon” bilan Antaliyadagi yig‘inda ishtirok etdingiz. Dastlabki taassurotlar qanday?
- Ha, Antaliyada yig‘inni juda yaxshi o‘tkazdik. Kezi kelganda, fursatdan foydalangan holda zilzila tufayli aziyat chekayotgan turk xalqiga o‘z hamdardligimni bildirib qolaman. Biz u erda vaqtni yaxshi o‘tkazdik. Ko‘pchilik bilan tanishdik, yana shuni bildirmoqchimanki, menda juda yaxshi taassurot qoldi. Hammalariga rahmat.
- “Andijon”dan taklif tushgach, birinchi bo‘lib kim bilan maslahatlashdingiz?
- Tayinli taklifni olgandan so‘ng buni avvalo uydagi qadrdonlarim bilan birgalikda maslahatlashdim.
- “Istiqlol”dan Ehsoni Panshanbe, Alisher Jalilov kabi futbolchilar ham O‘zbekiston chempionatida to‘p surishgan. Sizning yurtimizdagi faoliyatingiz ularnikidan-da yorqinroq chiqishiga ishonasizmi?
- Alisher va Ehsoni uchun xursandman. Ular bu erda o‘zlarini ko‘rsatishdi va yaxshi o‘yinchi ekanliklarini isbotlay olishdi. O‘ylaymanki, bundan keyin ham o‘yinlari bilan mahalliy muxlislarni xursand qilishadi. Shuningdek, ulardan tashqari bu erda Davron Ergashev, Zoir Jo‘raboev, Manuchexr Safarov va Rustam Soirov ham to‘p surishadi. Ushbu barcha ijrochilarga fursatdan foydalangan holda muvaffaqiyat tilab qolaman. Endi ularni bilasiz va baho bera olasiz. Shuningdek, o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilaman. Bu ishni qanday bajarganim yoki bajarmaganligimni esa oradan vaqt o‘tib o‘zingiz baho berishingiz mumkin. Ilgari chempionatingizda Tohir Mo‘minov, Akmal Xolmatov va ulardan tashqari yana ko‘plab tojikistonlik futbolchilar to‘p surishgan. Hammalariga rahmat. Aytishadi-ku, o‘tmishsiz kelajak yo‘q.
- Adashmasam, o‘tgan yili yozda “Istiqlol” safida “Andijon”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida o‘ynagansiz. O‘shanda 0:3 hisobida yutqazgansizlar. Bu tasodifmidi yoki...
- Ha, o‘tgan yili Toshkentda “Andijon” bilan o‘ynaganmiz. O‘shanda “Istiqlol” yig‘inni Toshkentda tashkil etgandi. Bu klubimizning uchinchi o‘yini edi. Ehtimol, keyinchalik taqdirim “Andijon” bilan bog‘liq bo‘lishini o‘shanda Yaratgan egam shunday qilgan bo‘lishi mumkin.
- “Andijon” klubi bilan nimaga erishmoqchisiz?
- Jamoamizning o‘z maqsadlari bor va birgalikda o‘sha maqsadlarni amalga oshirishga harakat qilamiz. Bir kuch bo‘lib kurashsak, hammasi yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- Tojikistonda ketishingizga qanday munosabatda bo‘ldilar?
- Munosabat go‘yo “bomba” kabi kutilmagandek bo‘ladi, deb hisoblayman. Chunki tojikistonlik muxlislar meni muzokaralar o‘tayotgan paytdayoq tabriklashni boshlagandilar. Ularga fursatdan foydalangan holda bundan keyin ham sevgan klublariga muxlislik qilishlarini va futbolni sevib qolishlarini hamda omad yor bo‘lishini tilab qolaman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar