
Ikki futbolchimizning Qatardagi o‘yinini ispaniyaliklar kuzatadi!
Qatar qit’aning eng kuchli 24 terma jamoasini jamladi. Qit’aning eng kuchli o‘yinchilarini jamlagan terma jamoalar Osiyo kubogi uchun kurashni boshladi.
Sport olamidagi nufuzli manba – Ispaniyaning as.com sayti Osiyo kubogida ishtirok etayotgan va yaqin kelajakda mashhur futbolchilarga aylanishi kutilayotgan eng iqtidorli charm to‘p ustalarini tanlab, ularga baho berdi.
AS nashri ekspertlari futbol jamoatchiligini osiyolik iste’dod egalariga e’tibor qaratishga chaqirdi.
- Eng muhimi, nufuzli nashr mutaxassislari O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev o‘yinlarini kuzatishni ham tavsiya qildi. Shuningdek, ispaniyaliklar “Lans”da o‘ynayotgan Abduqodir Husanovning salohiyati bilan ham yaxshi tanish ekani saytda yozilgan ta’rifdan ma’lum bo‘ldi.
Abbosek Fayzullaev – odatda, chap qanotda o‘ynaydigan o‘naqay futbolchi. U markaziy himoyachi Abduqodir Husanov bilan birga O‘zbekistonning eng katta yangi yulduzlari hisoblanadi. Abbosbek Abduqodir “Lans”ga o‘tgani kabi Evropa klubiga qo‘shildi. Aniqroq aytganda, TsSKAdan qo‘nim topdi.
Fayzullaev juda sifatli hujumkor futbolchi, har qaysi qanotda ham raqib darvozasiga katta xavf sola oladi, - deb yozdi as.com sayti.
Ta’kidlash joizki, ispan nashri tarqatgan maqolada Osiyo kubogining eng iqtidorli futbolchilari qatoriga Abbosbek Fayzullaev va Abduqodir Husanovdan tashqari Tojikiston, Avstraliya, Yaponiya, Iroq, Janubiy Koreya, Saudiya Araistoni va Qirg‘iziston terma jamoalarining jami sakkiz nafar iqtidorli yosh o‘yinchilari kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning avgust oyida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan Abbosbek Fayzullaev TsSKA tarkibida yuqori saviyada to‘p tepyapti. 20 yoshli legionerimiz Premer-liganing eng yorqin kashfiyoti sifatida e’tirof etildi.
Ko‘pchilik mutaxassislar Abbosbek Fayzullaev Rossiyada uzoq ushlanib qolmasligini va Evropaning kuchli ligalariga yo‘l olishini ta’kidlamoqda.
Abbosbek Fayzullaevning o‘zi bolaligidan “Barselona”da o‘ynash orzusi borligini, Lionel Messining muxlisi ekanini e’tirof etgan.
Hamyurtimizning o‘yin uslubi bilan yaxshi tanish bo‘lgan mutaxassislar uni ispan futboliga mos tushishi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan edi.
Abbosbek Fayzullaev 2023 yili Abduqodir Husanov bilan birga O‘zbekiston U20 terma jamoasi safida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi. Abbos bu musobaqaning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.
Keyin bu terma jamoa Argentinada o‘tkazilgan jahon chempionatida ham juda yaxshi qatnashdi. Futbolchilarimizning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari Abduqodir Husanovning Frantsiyaga ketishiga yo‘l ochdi.
Endi kuchli beshlik ligalariga borish Abbosbek Fayzullaevning navbati. Buning uchun 20 yoshli hujumkor futbolchimiz Qatar maydonlarida nimalarga qodirligini namoyish qilishi kerak.
Fikrlar