Ikkala jamoaning og‘riqli muammosi bir yoxud Superligada mag‘lubiyatlar girdobidagi jamoalar to‘qnashuvi

  • 26 oktabr, 2023, 01:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu turda g‘alabasiz seriyani boshidan kechirayotgan ikki klub – “Turon” hamda “So‘g‘diyona” jamoalari Yaypanda g‘oliblik uchun bahs olib borishadi. Darhaqiqat, bu klublar g‘alabaga juda tashna. Chunki anchadan beri muvaffaqiyatga erisha olmay kelmoqdalar. Masalan, “Turon” so‘nggi bor 5 avgust kuni o‘z uyida “Nasaf”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. “So‘g‘diyona” esa 28 avgust sanasida Jizzaxda “Navbahor”ni 2:1 hisobida taslim qilgan. Hisoblab chiqsak, “Turon” o‘sha g‘alabasidan keyin 1 durang va 5 mag‘lubiyatga uchradi. “So‘g‘diyona” bo‘lsa, 1 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etib turibdi.

Tecno

Jadvaldagi holatdan yaxshi xabardor bo‘lsangiz kerak. “Turon” 21 ta uchrashuvda 13 ochko jamg‘arib, oxirgi o‘rinda. “So‘g‘diyona” klubi 23 ochko bilan 10-o‘ringa tushib qolgan. Yaypanliklarda “Neftchi”ga qarshi bitta zaxira o‘yini mavjud. Ortda qolayotgan har bir tur “Turon”ni Superligadan uzoqlashtirib, pro liga tomon yaqinlashtirib borayotgani haqiqat. Ha, imkoniyati bor, biroq borgan sari o‘sha imkoniyat pasayib ketayotganini unutmaslik kerak. “Turon”ni yana 5 ta o‘yini qolganini hisobga olsak, ular ushbu uchrashuvlarda maksimal ochko to‘plashga majbur, aks holda o‘z joyini yana pro ligadan topishiga to‘g‘ri keladi. Hozirgi holatda “Turon” Superligani tark etishga birinchi raqamli da’vogarlikni hamon o‘zida saqlab kelyapti.

turon_4

“So‘g‘diyona”ni yuqorida aytib o‘tdik, jizzaxliklar ham o‘z muxlislarini xursand qila olmasdan kelyapti. G‘alabasiz seriya har qanday ishqibozni ranjitgani kabi jizzaxlik muxlislarni ham xafa qilib kelmoqda. Yaqinda bosh murabbiy Ivan Boshkovich bilan shartnoma uzaytirilgandi. Ammo aksiga olib, shundan keyin uning jamoasida g‘alaba qozonish muammoga aylanib bormoqda. O‘tgan turda o‘z uyida “Andijon”ga mag‘lub bo‘ldi. Natijada mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirib, o‘z salohiyatini namoyish eta olmayapti.

“Turon”ga qarshi kechadigan uchrashuv Boshkovich va uning jamoasi uchun ham g‘oyat muhim ekanligini o‘zlari yaxshi his qilib turishibdi. Buning uchun bosh murabbiy jamoasi o‘yinidagi kamchiliklarni bartaraf etmog‘i lozim. Aks holda jamoa yana o‘z darvozasidan gollar o‘tkazishda davom etaveradi. Turnir jadvalida o‘z darvozasidan eng ko‘p gol o‘tkazgan klub aynan “So‘g‘diyona” bo‘lib turibdi. Boisi, jizzaxliklar 22 ta bellashuvda 35 marta to‘p olib chiqqan va bu ko‘rsatkich bilan ular peshqadam. Ko‘rinib turibdiki, mudofaa chizig‘idagi muammolarni hal qilish lozim. Aksiga olib, “Turon” bilan uchrashuvda serbiyalik himoyachi Marko Kolakovich “So‘g‘diyona”ga yordam bera olmaydi. U o‘tgan turda qizil kartochka olib maydonni erta tark etgan va 26 oktyabr kungi bahsda dam oladi.

boshkovich2_1

Oxirgi pog‘onadagi “Turon”ning himoya chizig‘i ham tabiiyki maqtagulik emas. Ular darvozasidan ko‘p gol o‘tkazish bo‘yicha “So‘g‘diyona”dan keyin ikkinchi o‘rinda. Chempionat boshidan buyon 32 marta to‘p olib chiqdilar. 21 ta o‘yinning faqat 2 tasida g‘alaba qozonishdi. Ammo birinchi davraga nisbatan solishtirganda natija biroz o‘zgardi. Chunki o‘sha ikkala g‘alabasini ikkinchi davraning dastlabki ikkita turida qo‘lga kiritdi. Shundan keyin yaypanliklar yana birinchi davradagidek mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qoldi.

“Turon” – “So‘g‘diyona” qarama-qarshiligida jamoalarning himoya chizig‘i o‘ta ishonchli emasligini hisobga olganda, balki bir nechta gollar ko‘rishimiz ham mumkin. “Turon”ni boshqarayotgan Yorqin Nazarov esa hujumkor futbolni xush ko‘radi. Shuning uchun o‘z maydonida uning jamoasi avvalo gol urish va buning uchun jiddiy hujumlar uyushtirish harakatida bo‘ladi. Ha, u himoyani ham esdan chiqarayotgani yo‘q. Ammo turnir jadvalidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, o‘z darvozasidan gol o‘tkazgan taqdirda ham yaypanliklar gol urib g‘alaba qozonishi asosiy vazifa hisoblanadi. Shu bois “Turon”dan hujumkor o‘yin ko‘ramiz. Albatta, bu holat uchrashuv davomida o‘zgarib tursa ajab emas. Boisi, bu natijaga ham bog‘liq. Aytaylik, mezbonlar javobsiz bir-ikkita gol urib olsa, o‘z-o‘zidan himoyaga kuchliroq e’tibor qarata boshlaydi. “So‘g‘diyona” esa raqibning hujumlariga dosh berishi asosiy vazifa. Ha, mahorat borasida mehmonlarda ancha saviyali ijrochilar bor. Agar raqibning kuchiga etarlicha baho berilmasa, Boshkovich jamoasi yana quruq qo‘l bilan qaytishi mumkin.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Дувлан
26/10/2023 11:27
Афсус Турон пролигага тушиб кетяпти,бу дегани клуб умуман йўқ бўлиб кетяпти дегани,бунда Ёрқинни хиссаси котта.