
Igor Sergeev sobiq futbolchilarimiz to‘p surgan klub bilan shartnoma tuzdi
“Paxtakor”ni tark etgan hujumchi Igor Sergeev faoliyatini qaysi jamoada davom ettirishi borasida uzoq o‘ylangan ko‘rinadi. Negaki, u “sherlar” bilan xayrlashganidan keyin ham bir muncha vaqt jamoasiz yurdi. Albatta, bu payt davomida Sergeevni faol muzokaralar jarayonida bo‘ldi, deb taxmin qilishimiz mumkin.
Nihoyat, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosining yangi mavsumni qaysi klubda davom ettirishi oydinlashdi. Avvalroq uni Qozog‘istonning “Astana” klubiga o‘tishi mumkinligi xususida xabarlar chiqqandi. Ammo voqealar rivoji o‘zgardi.
Sports.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, Igor Sergeev Qozog‘istonning boshqa bir jamoasi – “Aktobe” bilan shartnoma tuzdi. Bu borada sports.uz muxbiri Sergeevga “Aktobe”ning a’zosiga aylanganingiz bilan tabriklaymiz”, deya yuborgan xabariga futbolchi “rahmat” deb javob bergan.
Eslatib o‘tamiz, o‘z vaqtida “Aktobe”da o‘zbekistonlik Aleksandr Geynrix, Timur Kapadze va Marat Bikmaev to‘p surgan.
Fikrlar