
Husanovni tarbiyalagan murabbiy: Abduqodir “Siti”ga borishi bilan raqobatchilarini “g‘ajib tashlaydi”!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliyaning amadagi chempioni “Manchester Siti”dagi faoliyatini boshlashga yaqin turibdi.
Aslida Abduqodir 19 yoshidayoq o‘zbek futboli tarixiga o‘z nomini yozib bo‘lgan. Chunki 2023 yilning yozida “Lans”ga ko‘chib o‘igan legionerimiz Frantsiya chempionatida maydonga tushgan birinchi o‘zbekistonlik charm to‘p ustasi sifatida tarixga kiritilgan.
Endi 20 yoshli himoyachimizda Angliya Premer-ligasidagi ilk o‘zbek futbolchisiga aylanish imkoniyati tug‘ildi.
Bugungi kunda Husanovning transferi juda ko‘p muhokama qilinmoqda. Xususan, Rossiya futboli mutasaddilari nega mahalliy klublar skautlari shu darajada yorqin iste’dodga ega bo‘lgan o‘yinchini o‘z vaqtida payqay olishmaganini tanqid qilishmoqda.
Misol tariqasida, Rossiya futbol uyushmasi faxriy prezidenti Vyacheslav Koloskovning fikrini keltirish mumkin.
- TsSKA skautlari iste’dod bobida Abduqodir Husanovdan kam bo‘lmagan Abbosbek Fayzullaevning salohiyatini ko‘ra oldi-ku. Balki Fayzullaev Husanovga nisbatan o‘zini yorqinroq ko‘rsata olgandir.
Rossiya klublari selektsionerlari nega Husanovni payqay olmadi? Buni men muhokama qila olmayman.
Men uning transferi haqida o‘qiganimda darrov: “Bizning selektsionerlar qaerda edi?”, degan savol tug‘ildi. Abduqodir O‘zbekiston va Belarusda o‘ynagan, demak ko‘z o‘ngimizda edi. Mudrab qolganmiz. Bu bizning sport menejerlarimiz obro‘sini oshirmaydi, - dedi Vyacheslav Koloskov.
Bu masalaga Abduqodir Husanovning professional faoliyatidagi ilk murabbiylaridan biri Pavel Rodnyonok oydinlik kiritdi. Ma’lumki, futbol sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida o‘rgangan Abduqodir professional faoliyatini Belarusning “Energetik-BGU” klubida boshlagan.
- Rossiya klublaridan Abduqodir Husanov bo‘yicha shaxsan menga juda ko‘p murojaatlar bo‘lgan. Mutaxassislar, murabbiylar, agentlar unga xarakteristika berishimni so‘rashardi. Unga har tomondan qiziqish bor edi.
Husanovning manfaatlarini himoya qilayotgan mutasaddilar boshqacha stsenariy tanladi. U avval Belarusda o‘ynaydi va tayyor bo‘lishi bilan G‘arbga ketadi. Avval-boshdan ularda shunaqa reja bo‘lgan, deb o‘ylayman.
Men so‘rab kelganlarning hammasini futbolchining agentiga yo‘naltirardim, chunki men murabbiy bilan, futboldagi boshqa ishlarga aralashmayman. Ular nima haqida gaplashgan, nega hamkorlik o‘rnatilmaganini bilmayman.
To‘g‘risini aytsam, men hozir boshqa ishlar bilan bandman va “Manchester Siti”ning o‘yinlarini tomosha qilayotganim yo‘q. Afsuski, shunday. Shu bois, u erda Abduqodir Husanovning raqobatchilari aynan qaysi o‘yinchilar ekanini bilmayman. Aniq biladiganim shuki, men ularga havas qilmayman. Abduqodir jamoada paydo bo‘lishi bilan ularni “eb tashlaydi”, men bunga aminman, - dedi Pavel Rodnyonok.
Abduqodir Husanovni qo‘lga kiritish uchun “Manchester Siti” mutasaddilari “Lans” klubiga 50 million evro miqdorida badal puli va bonus to‘laydigan bo‘ldi. Husanov o‘ziga Evropaning yigirmaga yaqin klublari qiziqayotganiga qaramay, Angliya chempioni safiga ko‘chib o‘tishni ma’qul ko‘rdi.
Fikrlar
канчадан канча футболчиларимизни хор килган, миллионлаб йигитларимизни мардикор килган, аёлоаримизни чури килган юртда ... бор-ми?