
Husanovning eng kuchli tomonini aniqlashdi!
Frantsiya Professional futbol ligasi – LFP milliy chempionatning yuqori divizionida o‘ynayotgan jamoalar va ularning futbolchilari o‘yinlariga doir turli statistik ma’lumotlarni muxlislar e’tiboriga havola etmoqda.
Liga 1 musobaqasida 18 ta jamoa o‘zaro kuch sinashmoqda. Chempionlik masalasida Evropaning eng badavlat va baquvvat klubi “Pari Sen-Jermen”ga etadigani yo‘q. Bu mavsum ham poytaxtliklar musobaqa jadvalida qolgan jamoalardan katta farq bilan o‘zib ketgan.
Biroq qolgan jamoalar o‘rtasida sovrinli o‘rinlar va Evrokubok yo‘llanmalari uchun kurash murosasiz kechmoqda. Misol uchun, 15-turdan keyin 30 ball to‘plab, ikkinchi o‘rinni egallab turgan “Marsel” bilan 11-pog‘onada borayotgan “Brest” o‘rtasidagi tavofut 11 ochkoni tashkil qiladi va bu unchalik katta farq emas.
Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Lans” chempionatning bu bosqichida 24 ochko bilan ettinchi pog‘onada bormoqda. Lansliklarni Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rindan atigi uch ochko ajratib turibdi. Demak, hali kurash oldinda.
LFP ekspertlarining tadqiqotlarida “Lans” va uning ayrim o‘yinchilari ligada yuqori statistik ko‘rsatkichlarni ko‘rsatayotganini qayd etdi.
Xususan, Uill Still futbolchilari uchrashuvlar davomida eng ko‘p yugurishi aniqlandi. “Lans” o‘yinchilar umumiy hisobda bir o‘yinda o‘rtacha 113,26 kilometr masofa bosib o‘tadi. Bu statistika bo‘yicha lansliklar barcha jamoalardan ustun.
Keyingi o‘rinlarda “Lill”, (112,54 km) va “Pari Sen-Jermen” (112,5 km) qayd etilgan.
“Lans” etakchilari – Abduqodir Husanov, Fakundo Medina va Adrien Tomasson individual statistik reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Bir o‘yinda o‘rtacha uzoq masofa bosib o‘tish bo‘yicha “Top-10”ga kirgan futbolchilar orasida Adrien Tomasson 10,91 kilometr ko‘rsatkich bilan to‘rtinchi, Fakundo Medina (10,63 kilometr) esa, sakkizinchi pog‘onada bormoqda.
90 daqiqa davomida eng ko‘p masofa bosib o‘tgan o‘yinchilar orasida birinchi o‘rin Adrien Tomassonga tegdi. U bir uchrashuvda eng ko‘p – 11,44 kilometr yugurgan. Kuchli uchlikdan Batista Santamariya (“Renn”, 11,12 km) va Dezire Due (PSJ, 11,09 km) joy oldi.
Bugungi kunda “Lans”ning eng mashhur o‘yinchisiga aylangan Abduqodir Husanov Frantsiya Professional futbol ligasi – LFP ekspertlarining eng tezkor futbolchilar nomi ko‘rsatilgan reytingiga kiritildi.
20 yoshli himoyachimiz 29 noyabr kuni “Reyms”ga qarshi o‘tgan uchrashuvda soatiga 36,48 kilometr tezlikda yugurdi. Bu Liga 1 o‘yinchilari orasida to‘rtinchi natija. Mavsum boshidan beri faqat uch futbolchi – Luis Enrike (“Marsel”, 36,98 km/s), Shavi Babitska (“Tuluza”, 36,62 km/s) va Emanuel Emega (“Strasbur”, 36,57 km/s) Abduqodirdan tezroq yugurgan xolos.
Umumiy reyting esa quyidagicha ko‘rinish oldi:
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov joriy mavsum “Lans” safida Frantsiya chempionati, mamlakat kubogi va Evropa ligasi musobaqalari doirasida jami 16 ta uchrashuv o‘tkazib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, bitta assist ham qayd etdi.
Shomurodov 2025 yilni qaysi jamoada boshlaydi?
Birorta futbolchi Husanovga yaqinlasha olmadi!
Fikrlar