
Husanovning “dahshatli” g‘alabasi!
2024 yil ham yakunlanmoqda. Ayrim ligalarda futbolchilar qisqa muddatli ta’tilga chiqadi. Futbol ekspertlari esa, yil yakunlari bo‘yicha turli tahlillar, tadqiqotlar va so‘rovnomalar o‘tkazib, natijalarini futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etmoqda.
Frantsiya futboliini yoritayotgan lensois.com portali “Lans”ning dekabr oyidagi eng yaxshi futbolchisini aniqlash maqsadida so‘rovnoma tashkil qildi.
Portal eksperti Eloiza De Mester so‘rovnoma yakunlari bo‘yicha quyidalarni ma’lum qildi.
- Abduqodir Husanov — “Lans”ning dekabr oyidagi eng yaxshi o‘yinchisi. Qishki ta’til boshlangani bois dekabr oyi tahlilini biroz erta yopishga to‘g‘ri keldi. Lensois.com sayti eng yaxshi o‘yinchini aniqlashni muxlislarga topshirdi.
So‘rovnoma o‘zbek futbolchining “dahshatli” g‘alabasi (foizlardagi katta farq nazarda tutilmoqda - tahririyat) bilan yakunlandi. Muxlislar ovozlariga kzra, Husanov jamoadoshlari Adrien Tomasson va Remi Labo Laskarini katta ustunlik bilan ortda qoldirdi. Natijalar bilan quyida tanishib oling, - deb yozdi Eloiza De Mester.
“Lans”ning dekabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi so‘rovnomasining yakuniy natijalari quyidagicha ko‘rinish oldi:
Abduqodir Husanov – 81,9%
Adrien Tomasson – 4,3%
Remi Labo-Laskari – 3,62%
Pshemyslav Frankovskiy – 3,39%
Mbala Nzola – 2,94%
Qolganlar: 2 foizdan kam.
Eslatib o‘tamiz, 20 yoshli legionerimiz avval ham ikki bor – sentyabr va oktyabr oylari yakunlari bo‘yicha jamoasining eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo‘lgan edi.
Sports.uz portali “Lans” muxlislarining Abduqodir Husanov haqidagi fikrlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
PIMS62:
Abduqodir Husanov biz uchun Yangi Rafael Varan. Afsuski, jamoamizda uzoq qolmaydi...
BLACK_CATS_62:
Men Husanovni Varan bilan solishtirmagan bo‘lardim. Chunki ularning o‘yin uslubi umuman bir biriga to‘g‘ri kelmaydi.
Husanov juda baquvvat himoyachi, to‘qnashuvlardan qo‘rqmaydi va qochmaydi, shiddatli o‘ynaydi, harakatini muntazam kuchaytirib boradi.
Yagona o‘xshashligi ular yoshligidanov moliyaviy sabablar tufayli klubni erta tark etishidir.
RICOU62:
Afsuski, Husanovning o‘rnini to‘liq bosa oladigan nomzodimiz yo‘q...
JULIO59:
Kevin Danso, Fakundo Medina va Abduqodir Husanov Evropadagi eng kuchli himoya uchligi. Qolganlar esa, o‘rtamiyona o‘yinchilar.
Bular orasida meni faqat Husanov hayratga solmoqda. Yozga kutsak, uning narxi yanada ko‘tariladi va keyin transfer qilsak bo‘ladi.
Agar “Lans”da bir necha yil qolsa, o‘yinlaridan bahramand bo‘lardik. O‘g‘lim Abduqodirning haqiqiy fanati!
SLY62:
Adashmasam, “Lanch”ning 100 foiz muxlislari uni hech bo‘lmaganda yozgacha yoki undan ham uzoqroq jamoasida qolishini istaydi. Bu qishda uning ketishini kuzatish ancha olamli bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov joriy mavsum boshidan beri barcha turnirlarda 16 ta o‘yin o‘tkazib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, bitta assist ham qayd etdi. Transfermarkt portali o‘zbek futbolchini 12 million evroga baholamoqda.
Fikrlar