
Husanov jamoasiga yaxshi xabarlar kela boshladi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasi ishtirokchisi “Manchester Siti” futbolchisi ekanini inobatga olib, sports.uz portali ushbu klub lageriga tegishli yangiliklarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga haqola qilishda davom etadi.
“Manchester Siti”ni Chempionlar ligasi kutmoqda
UEFA tasnifidagi xalqaro turnirlardan biri – Evropa ligasi finalchilari aniqlanishi bilan qit’aning eng nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasida Angliya Premer-ligasidan oltita jamoa ishtirok etishi tasdiqlandi.
Birinchidan, Evropa kuboklarining joriy mavsum uchun umumiy reytingida Angliya endi ikkinchi o‘rindan pastga tushmaydi va bu kelasi mavsumda Premer-ligadan to‘rtta emas, beshta jamoa Chempionlar ligasida qatnashishini ta’minlaydi.
Angliya chempionatida beshinchi o‘rinni egallagan jamoa kelasi mavsum Chempionlar ligasining saralash bosqichida ishtirok etadi.
Ikkinchidan, Evropa ligasining finaliga Angliyaning ikki klubi – “Manchester Yunayted” va “Tottenxem” chiqdi. Bu jamoalardan qay biri xalqaro kubokni qo‘lga kiritsa, yangi mavsumda Chempionlar ligasining umumiy guruh bosqichida qatnashadi. Bu jamoalar uchun Premer-liga o‘yinlari ancha og‘ir kechmoqda va ular chempionat orqali “ko‘xna qit’a”ning eng katta turniriga chiqish imkoniyatidan mosuvo bo‘lib ulgurgan. Yagona yo‘l – Evropa ligasida g‘olib chiqish qoldi.
Ta’kidlash lozimki, Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Manchester Siti” joriy mavsum uchun asosiy maqsadi Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishdan iborat. Hozircha, Gardiola shogirdlari uchinchi pog‘onada bormoqda.
Angliya Chempionlar ligasiga jami oltita yo‘llanmani naqd qilgani "shaharliklar"ning musobaqada ishtirok etish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.
Xoland jamoaga yordam berishga tayyor
“Manchester Siti”ning keyingi yillardagi eng zo‘r to‘purari Erling Xoland mart oyining oxirida jarohat olib, bir oy davomida davolanishiga to‘g‘ri kelgan edi.
Norvegiyalik hujumchi endi uchrashuvlarda jamoasiga yordam berishga tayyor ekanini ta’kidladi.
- Jarohat olish – dahshatning o‘zginasi, lekin nima ham qila olardik! Tezroq oyoqqa turib, sport formasini tiklab olishga harakat qilish lozim.
Hozir kuchga to‘lganman. O‘zimni juda yaxshi his qilyapman va harakatlarimda hech qanday qiyinchilik qolgani yo‘q, - dedi Erling Xoland.
24 yoshli forvard joriy mavsum davomida barcha turnirlarda qirqta o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasini o‘ttiz marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatgan.
Kevin de Bryuyne “Siti”ga sodiq qoladi
“Manchester Siti”ga bosh murabbiy Xosep Gvardioladan bir yil oldin kelgan Kevin de Bryuyne joriy mavsum yakunlanishi bilan klubni tark etishi rasman e’lon qilingan.
“Shaharliklar” safida o‘n yildan beri o‘ynab kelayotgan pleymeykerga Evropa, Saudiya Arabistoni va AQShdan jiddiy chorlovlar bo‘lyapti. Shu bilan birga Angliya Premer-ligasining bir necha klublari kelasi oy 34 yoshga to‘ladigan o‘yinchini hamkorlikka chaqiryapti.
Transfer News Live manbasining ma’lum qilishicha, Kevin de Bryuyne Angliya klublariga o‘tish variantini ko‘rib chiqmaydigan bo‘ldi.
Ayni paytda bu o‘yinchi Italiya A Seriyasining eng qudratli klublaridan hisoblangan “Napoli”ga ko‘chib o‘tish variantini o‘rganib chiqyapti. Neapolliklar ham mashhur futbolchi bilan aloqa o‘rnatilganini tasdiqladi.
Shomurodov muxlislariga yangi xushxabar!
“Roma” Shomurodov bo‘yicha muhim qarorga keldi!
Husanov jamoasi qarorini o‘zgartirishi kutilyapti
Bu ishni o‘zbek futbolchilari zo‘r eplaydi
Shomurodov “Roma”ning “top-5”dagi tarixiy rekordini ta’minlab berdi!
Fikrlar