Humoyun Murtazoev: Meni terma jamoaga chaqirishdimi, endi bunga loyiq ekanligimni isbotlashim kerak

  • 30 oktabr, 2019, 09:53
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Joriy mavsumda o‘zidan iliq taassurot qoldirib kelayotgan «Nasaf» hujumchisi Humoyun Murtazoev haqida oxirgi paytlarda ko‘p gapirilyapti. Bu bejiz emas, albatta. Boisi, iqtidorli futbolchi o‘zining to‘purarlik salohiyatini ko‘rsata boshladi. Garchi 22 ta gol urgan «Paxtakor» hujumchisi Dragan Cheranga etib olishi qiyin bo‘lsa-da, biroq Murtazoevdan ushbu mavsumda to‘purarlar orasiga kirishini ochig‘i kutmagandik. Hozirgacha Humoyun 13 ta gol urdi. Uning foydali futbolchi ekanligi maydondagi o‘yinlari orqali ham ko‘zga tashlanib turibdi. Natijada Murtazoev O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramovning ham e’tiborini torta oldi va uni noyabr oyida bo‘ladigan muhim o‘yinlar uchun yig‘inlarga taklif qildi.

Tecno

Aytish mumkinki, Humoyun bilan muloqotga kirishish uchun bizda sabablar etarlicha edi. Ayniqsa, yuqorida ta’kidlaganimizdek, uning «Nasaf»dagi sermahsul o‘yinlari evaziga ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Lekin bunday barqarorlikni ushlab turish ham oson ish emas, aslida. Shuni inobatga olganda, hujumchi avvalo sermahsul o‘yin ko‘rsatayotganining sabablari haqida gapirdi.

- Joriy mavsumda sermahsul o‘yin ko‘rsatayotganimning asosiy sababi jamoadoshlarimiz bilan ahilligimiz deb o‘ylayman. Chunki, siz ham bilasiz, futbol – bu jamoaviy o‘yin hisoblanadi. Shuning uchun birgina o‘zim hech nima qila olmayman. Meni qo‘llab-quvvatlab ishonch bildirayotganlari uchun jamoadoshlarimga va murabbiylarimga katta rahmat aytaman.

Bunga qadar bu o‘yinchi haqida muxlislar ko‘p ma’lumotga ega emasdilar. Albatta, uning yanada tanilib, e’tiborni tortayotgani o‘yini va kiritayotgan gollari bilan bog‘liq. Tabiiyki, bunday vaziyatda uning futbolga qanday kirib kelgani ham qiziq. Bilmaganlar esa Murtazoevni «Mash’al» akademiyasidan chiqqan deb o‘ylashadi. Chunki u «Nasaf»ga «Mash’al»dan qo‘shilgandi. Hammasiga esa hujumchining o‘zi shunday javob berdi:

murtazoev

- Bilasizmi, futbolga kirib kelishimning katta sababchisi, rahmatli dadam bo‘ladi. Aynan dadamning xohish va istaklari bilan Kasbi tumani bolalar futbol maktabi murabbiyi Ikrom aka Siddiqov qo‘l ostida futbolning sir-asrorlarini o‘rganganman. Shundan keyin Qarshi shahridagi olimpiya zaxiralari sport kollejida O‘tkir aka Xoliqov murabbiyligi ostida shug‘ullanganman. Superligaga kirib kelishimga katta sababchi bo‘lgan ikkala murabbiyga ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

«Nasaf» klubida iqtidorli o‘yinchilar juda ko‘p. Jamoa asosan o‘zining mahalliy tarbiyalanuvchilariga tayanib qolganiga qaramay, ularning imkoniyatlari yuqori baholanmoqda. Har bir chizig‘ida iste’dodli futbolchilar to‘p surishmoqda. Ayniqsa, Bobir Abduholiqov jamoa etakchilaridan biri va u birinchi raqamli hujumchi bo‘lishi kutilgandi. Ammo ko‘rib turibmizki, Murtazoev o‘zini har tomonlama ko‘rsatib, «Nasaf»ning to‘purari bo‘lib kelmoqda. Natijada u qarshiliklarning birinchi raqamli hujumchisiga aylangandek…

- Yuqorida aytib o‘tganimdek, jamoadoshlarim hamda murabbiylarning menga bo‘lgan ishonchi katta va men buni juda yaxshi his qilib kelyapman. Natijada o‘yinlarimga ham ijobiy ta’sir qilmoqda. Albatta, Bobir ajoyib futbolchi. Ammo hech bir o‘yinchini alohida ajratib ko‘rsatmaymiz. Chunki «Nasaf» jamoasida hamma bir xil darajada, biz bir oilamiz, - deya munosabat bildirdi, Humoyun Murtazoev.

murtazoev3

Umuman olganda, ushbu mavsum Murtazoev uchun ajoyib darajada o‘tyapti. Bungacha uning nimalarga qodirligini ko‘pchilik yaxshi bilmagan bo‘lsa, aynan mazkur chempionatdagi o‘yinlari orqali endi Humoyunning imkoniyatlari namoyon bo‘lib bormoqda. Balki ushbu mavsumdagi o‘yinlari va qayd etayotgan natijalari uning tashrif qog‘ozi bo‘lib xizmat qilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Bu haqida hujumchi o‘z fikrini bildirdi:

- Ha, ushbu mavsum men uchun ajoyib o‘tyapti. Lekin bu bilan aslo to‘xtab qolmoqchi emasman. Negaki, men hali bundan ham kuchli o‘yinlar ko‘rsatishim kerak. Oldimga qo‘ygan maqsadlarim katta.

Shuningdek, undan «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev faoliyatingizda qanday o‘rin tutadi deb so‘raganimizda quyidagicha javob qaytardi:

- Ro‘ziqul aka tajribali mutaxassis. Undan juda minnatdorman. U kishi faoliyatimda o‘zining yuksak mahoratlari va menga bo‘lgan ishonchi bilan katta o‘rin tutadi.

Har bir o‘yinchining o‘ziga yarasha orzu va maqsadlari bo‘lishi tabiiy. Ustiga-ustak Murtazoev yuqorida oldiga qo‘ygan maqsadlari katta ekani haqida aytib o‘tdi. Uning niyatlari nimalardan iboratligini so‘radik.

- Albatta, mening orzuim va niyatlarim juda ko‘p. Eng asosiysi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan jahon chempionatiga chiqish va munosib o‘yin ko‘rsatish. Chetga ketishga kelsak, hamma narsaning o‘z vaqti soati bor.

Mana, Humoyun orzularidan biriga erishgan holda nihoyat milliy terma jamoadan chaqiruv ham oldi. Bu esa uning iqtidoriga berilayotgan bahodir. Har holda terma jamoamiz ustozi Vadim Abramov futbolchining imkoniyatlarini yaxshi bilgan holda taklif qilgan. Bu borada «Nasaf» to‘purari o‘zining xursandchiligini yashirib o‘tirmadi.

- Meni milliy terma jamoaga chaqirishganidan juda quvonib ketdim. Dastlab bu xushxabarni klub xodimidan eshitdim. Bu men uchun oldinga tashlangan qadam. O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surish har bir futbolchining orzusidir. Meni ham terma jamoada o‘ynashimni munosib ko‘rishgan bo‘lsa, ishonchlarini oqlayman degan umiddaman. Meni termaga chaqirishdimi, bunga loyiq ekanligimni isbotlashim kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!