
"Humo"ning irodali g‘alabasi va muzdagi janjal (VIDEO)
"Humo Arena"da kechgan uchrashuv qiziqarli va murosasiz kurashlarga boy tarzda o‘tdi. 6-daqiqada Dmitriy Grentsning uzatmasidan so‘ng Artyom Lixotnikov Roman Smiryagin bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va hisobni ochdi.
Shundan so‘ng mezbonlar hujumkorlikni oshirishdi. Bu esa ikkinchi davr o‘rtalariga kelib samara berdi. Pavel Zdunov va Artyom Voroninlarning uzatmalaridan so‘ng Nodir Islomov uzoq masofadan raqib darvozasiga shaybani joylab qo‘ydi va muvozanatni tiklashga erishdi.
Bellashuv asabiy ruhda o‘tdi va 44-daqiqada "Humo" himoyachisi Vsevolod Sorokin raqib jamoa xokkeychisi Nikita Sorotkin bilan "birga-bir" jangga kirishdi. Natijada har ikkalasi ham 5 daqiqa jarima vaqtiga "ega bo‘lishdi".
G‘alaba uchun harakat qilgan toshkentliklar 52-daqiqada Pavel Zdunovning darvozabondan qaytgan shaybani darvozaga aniq yo‘llashi evaziga hisobda oldingi chiqib olishdi va aynan mazkur gol yakunda "qanotlilar"ga irodali g‘alaba va muhim 2 ochkoni keltirdi.
Fikrlar