
"Hozirgi ishim o‘zimga ham qiziq" yoxud u "Surxon"da yangi lavozimni egalladi
O‘tgan yili “Surxon” klubida ish boshlab jamoaning Superligada o‘z o‘rnini saqlab qolishiga munosib hissasini qo‘sha olgan murabbiy Yorqin Nazarov jamoadagi ishini davom ettirayotganini ma’lumot o‘rnida aytib o‘tmoqchimiz.
Ma’lumki, mavsum tugaganidan so‘ng, “Surxon”da jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. O‘tgan yilgi tarkibdan bir nechtasi ketdi. Shuningdek, murabbiylar ham o‘zgardi. O‘shanda Yorqin Nazarovning ham klubdagi taqdiri so‘roq ostida turgandi. Ammo yaqinda ma’lum bo‘lishicha, mutaxassis “Surxon”da qolgan va faoliyatini davom ettiryapti.
Shu bois u mazkur masala va yana boshqa mavzular bo‘yicha Sports.uz muxbiriga o‘zining fikrlarini aytib o‘tdi.
"Kerak bo‘lsa, O‘zbekiston bo‘yicha skautlarni ishga olamiz"
- Men hozirda “Surxon” jamoasida texnik direktor bo‘lib ishlayapman. Klubda qilayotgan ishlarimga kelsak, U-21, U-19, ayollar futboli, akademiya va shu bilan birga asosiy jamoaga ham qarab turibman. Biz surxondaryolik yosh iqtidorlarni etishtirishni ham asosiy maqsad qilib olganmiz. Surxondaryoda 10-15 yil futbol bo‘lmagan. Mana, endi klubga yaxshi homiylar keldi. O‘rinbosarlar jamoamizdan 100 foiz mahalliy yoshlar joy olgan. U-19 tarkibimizda ham faqat o‘zimizni mahalliy yigitlarimiz bor. O‘rinbosarlarimiz U-21 bo‘lsa ham tarkibni yoshartirib yuborganmiz. Bu jamoada 17 - 19 yoshli yigitlar ham to‘p tepishyapti. Biz bosqichma-bosqich asosiy tarkibimizda iste’dodli yoshlarni etishtirib bermoqchimiz. Mana, Termizga ham borib keldik. Bosh murabbiy Anxel Lopes, uning yordamchisi, men, bosh direktor va matbuot kotibimiz ham bordi. U erda qiziqarli uchrashuvlar o‘tkazdik. U erdagi struktura bilan yaqindan tanishdik. Xudo xohlasa, Termizda futbol akademiyasi qurish mo‘ljalimizda bor. Quriladigan joylarni ham ko‘rib keldik. Sun’iy va tabiiy maydonlar barpo bo‘ladigan joylarni ham o‘rgandik. Keyin u erdagi kollejni klubimiz balansiga berishsa, uni akademiyaga aylantirib, baza ham qurmoqchimiz va stadionni rekonstruktsiya qilish rejamizda bor. Termizga qilgan safarimiz chog‘ida shunday ishlar bilan tanishib, hammasini ko‘rib keldik. Shuning uchun Surxondaryo bo‘yicha ikkita selektsioner murabbiyni ishga olamiz. Kerak bo‘lsa, butun O‘zbekiston bo‘yicha skautlarni olmoqchimiz. Ular iqtidorli yoshlarni izlab bizga etkazadi.
"Qaytganim syurpriz bo‘lgani yo‘q"
- Klubga yana qaytishim kutilmagan syurpriz bo‘lgani yo‘q. Faqat biroz vaqt kerak bo‘ldi. “Surxon” jamoasi bilan meni amalda shartnomam ham bor edi. Shuning uchun bu erdan keta olmasdim ham. Natijada meni klubda qoldirishlari ma’lum bo‘ldi. Shunchaki, boya aytganimdek, ularga biroz vaqt kerak bo‘ldi. Oldingi yili murabbiy bo‘lib ishladim va jamoani Superligada qoldirdik. Bu yil qilayotgan ishim, yuqorida ta’kidlaganimdek, ko‘proq yoshlarni tarbiyalash, surxondaryolik yoshlarni o‘stirish va asosiy jamoaga etkazishdan iborat. Hozirgi qilayotgan ishim o‘zimga ham qiziq tuyulyapti. Qiladigan ish rosa ko‘p. Shu sababli bu yo‘nalishdagi ishni ham o‘zim uchun o‘rganib boryapman. Murabbiy sifatida borimni berib mehnat qilganimdek, bu yo‘nalishda ham bor kuchimni, mehrimni berib, jamoaga yordamim tegishini xohlayapman. Yaxshi tomoni, o‘zim yoqtirgan futboldaman.
"Lopes talab qilayotgan uslub bizning futbol uchun yangilikdek"
- Xabaringiz bor, boshida klubga Ispaniyadan boshqa murabbiylar kelgan. Ular ketib, o‘rniga Anxel Lopes va uning shtabi keldi. Fikrimcha, ushbu murabbiylarda futbolchilarni mavsumga tayyorlashga ozgina vaqt bo‘ldi xolos. Mashg‘ulotlarini borib ko‘ryapman, hammasi zo‘r. O‘yinchilar ham qiziqib shug‘ullanishyapti. Bosh murabbiy talab qilayotgan futbolni jamoadagilar bajaradigan bo‘lsa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Lopes ham hujumkor futbol tarafdori. Shuningdek, tajovuzkor va pressingga ixtisoslashgan o‘yinga ham e’tibor qaratyapti. Murabbiy berayotgan ko‘rsatmalarni futbolchilar tezroq o‘zlashtiradigan bo‘lsa, yanada yaxshi jamoa shakllanishi kerak. Lopes talab qilayotgan uslub bizni futbol uchun yangilikdek. O‘zim ham himoyaviy emas, hujumkor futbol tarafdoriman. Ikkimizni uslubimiz o‘xshash, ammo uning taktikasi boshqacharoq. Hali o‘zim ham murabbiyning taktik uslubini to‘liq o‘zlashtirish uchun ichigacha kirganim yo‘q. Muhimi, Lopes yaxshi futbolni talab qilyapti.
"Surxon" stadioni kelasi yilning boshiga tayyor bo‘ladi"
- “Surxon”ning uy stadioni rekonstruktsiya qilinadi. Maydoni ham yangilanadi. Fikrimcha, kelasi yilgi chempionatning boshiga tayyor bo‘ladi. Balki jamoamizning hali u qadar natija ko‘rsata olmayotganiga o‘z maydonida o‘ynamayotgani ham sabab bo‘layotgandir. Bu degani har doim mehmonda o‘ynayapmiz.
Fikrlar