Harri Keyn yana katta rekord o‘rnatdi
Bundesliganing 6-turida mamlakatning amaldagi chempioni “Bavariya” Frankfurtda “Ayntraxt” mehmoni bo‘lib, safardan 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi.
Gollardan ikkitasini Luis Dias kiritgan bo‘lsa, jamoa to‘purari Harri Keyn o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi.
Aynan mana shu gol angliyalik futbolchining nomini Bundesliga tarixiga yozdi. “Ayontraxt” darvozasiga kiritilgan to‘p Harri Keynning yangi mavsumdagi 11-goli bo‘ldi. Squawka nashrining ma’lum qilishicha, Bundesliganing uzoq yillik tarixida hali birorta futbolchi oltita uchrashuvda bu qadar ko‘p gol urmagan va bu ko‘rsatkich yangi rekord sifatida qayd etildi.
Barcha turnirlarni qo‘shib hisoblaganda 32 yoshli forvard joriy mavsumda jami 10 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 18 ta gol yozdirib qo‘ygan.
Harri Keynning myunxenliklar bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yarmigacha davom etadi.



Fikrlar