
Har mag‘lubiyatdan keyin Benzema qayoqqa yo‘qolib qolyapti yoxud sardorlikni eplolmayotgan Karim!
"Real" garchi "Qirollik klubi", yokida Chempionlar ligasining 14 karra g‘olibi, La Ligani 35 marta qo‘lga kiritgan bo‘lsada, avval ham ko‘p mag‘lubiyatlarga uchragan. Ronaldu ketganidan keyin klub qiyin damlarni boshdan kechirdi. O‘sha vaqtda har klub engilganida Serxio Ramos o‘yindan keyin intervyu berib, mag‘lubiyatni izohlar va kelgusida jamoa yaxshilanishiga va’da berardi. Undan keyin Marselo bu ishni amalga oshirdi. Faqat braziliyalik himoyachi uzoq vaqt jamoa sardori bo‘la olmadi. U 2022 yilda "Real"ni tark etib, "Olimpiakos"ga jo‘nab ketdi. Bog‘ich esa Karim Benzemaga qoldi.
Benzemani so‘nggi bor matbuot anjumanida 14-yanvar kuni, ya’ni "Barsa"ga qarshi bo‘lib o‘tgan superkubok bahsida ko‘rishgan. Shundan beri frantsiyalik hujumchi jurnalistlarga qorasini ham ko‘rsatgani yo‘q. Nafaqat, savollarga javob berishdan qochib kelmoqda, balki "Manchester Siti"dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin hech qanday izoh berishni istamadi. Sardorning bu qilgan ishidan ba’zi bir jamoadoshlari ham hayron qolgan. Muxlislarnig esa biroz jahli chiqqan. Uning o‘rniga Modrich, Karvaxal va Kurtua Angliyadagi ayanchli mag‘lubiyatdan keyin o‘z fikrlarini bildirgan. Mish-mishlarga qaraganda, Benzema Ronalduning "Real"dagi so‘nggi kunlaridagi injiqliklarini eslatib yubormoqda.
"Siti" bilan bo‘lgan voqeadan tashqari yana bir vaziyatni ko‘rib chiqaylik. "Real" Manchesterga yo‘l olishidan oldin Ispaniya kubogini qo‘lga kiritdi. Finalda "Osasuna" taslim qilinib, jamoaning javob bahsi oldidan kayfiyati ko‘tarilgandi. "Xetafe"ga qarshi matchda muxlislar oldida kubokni ko‘tarish marosimi o‘tkazildi. Bu jarayonda sardor ishtirok etishi kerak edi. Ammo Karim bu erda ham ko‘rinish bermadi. Sababi, u Chempionlar ligasining javob bahsigacha jarohat olmasligi kerak edi. Shu sababli, Karlo 35 yoshli hujumchiga dam berishga qaror qildi va Benzema o‘yinga tashrif buyurmadi. Aniqrog‘i u sovrinni ko‘tarish uchun maydonga tushsa ham bo‘lardi, lekin Karim buni xohlamadi. Uning o‘rniga Modrich va Nacho mazkur vazifani o‘z zimmasiga oldi.
Aslini olganda Benzema uchun mavsum ajoyib o‘tmoqda. U "Real" tarkibida 43 ta o‘yinda maydonga tushib, 29 ta gol urdi va 6 ta assist amalga oshirdi. Ammo Karim nafaqat maydondagi eng zo‘ri, balki uning tashqarisida ham sardor bo‘la olishi kerak. Ahir Benzemaga bog‘ich faqat taqib yurishi uchun berilmagan.
Fikrlar