
Har doim maksimal darajada g‘alabalar kerak - Tailandning birinchi raqamli jamoasiga ko‘chib o‘tgan legionerimizdan dastlabki taassurotlar
Yaqinda “Metallurg” klubining sardori Akbar Ismatullaev Tailandning “Buriram Yunayted” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Ta’kidlash o‘rinliki, bu klub Tailandning birinchi raqamli jamoasi hisoblanadi. Ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan, Osiyo Chempionlar ligasida ham ishtirok etib turadi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘ziga yarasha kuchli klub. Ismatullaevning esa mana shunday jamoada legioner sifatida faoliyat olib borishi oldinga tashlangan qadam. Hamyurtimiz yangi klubi bilan kelishuvga erishgach, sports.uz uchun dastlabki taassurotlarini bildirdi.
Yangi jamoasiga ko‘chib o‘tishi qanday sodir bo‘ldi?
- Menga “Buriram Yunayted”dan taklif bo‘lganidan so‘ng har tomonlama o‘ylab ko‘rdim. Sobiq jamoam – “Metallurg”dagilar bilan ham maslahatlashdim. Oxir-oqibat ushbu taklifga rozilik bildirdim. O‘ylaymanki, hammasi yaxshilikka. Yangi klubimda talab kuchli. Chunki bu jamoada har doim maksimal darajada g‘alabalar bo‘lishi kerak. Sizning o‘yiningiz murabbiylarga, rahbarlarga va muxlislarga ma’qul kelishi lozim. Shuning uchun legionermisiz, unda o‘zingizni yaxshi tomonlama ko‘rsatib o‘ynashingiz talab etiladi. Bilasiz, xorijlik futbolchidan har doim ko‘p narsa kutishadi. U erga chaqirishdan maqsad ham shunaqa. Shunday ekan, o‘zimizni har tomonlama ko‘rsatishimiz kerak.
“Metallurg”da o‘tkazgan faoliyati nima berdi?
- Hayotda qanday o‘zgarish yoki yangilik bo‘lsa ham buni faqat yaxshi tomonga qabul qilishimiz kerak. Ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz. Andrey Shipilov meni “Metallurg” klubiga taklif qilganida o‘ylab o‘tirmasdan rozi bo‘lganman. “Paxtakor”da zaxirada o‘tirib o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgandim. “Metallurg”da esa o‘zimni sinab ko‘rishim qiziq edi. O‘tgan yillar davomida ushbu klubda qo‘limdan kelganicha o‘z mehnatim bilan yordam berdim. U erda samarali mavsumlarni o‘tkazdim. Biz bir butun ahil oila, inoq jamoa bo‘la oldik. “Metallurg”da 2,5 yil to‘p surgan bo‘lsam, har doim u erda muhit ajoyib bo‘lgan. Agar jamoa zo‘r bo‘lgani bilan ahillik bo‘lmasa buning foydasi yo‘q. “Metallurg”da esa har taraflama inoqlik bor edi. Shuning hisobiga ikki yildan beri klub 5-o‘rinni egallab kelmoqda. O‘ylaymanki, bu yil jamoa kuchli beshlikdan ham yuqoriga ko‘tarila oladi. To‘g‘risi, Bekobod jamoasidan ketishim oson bo‘lmadi. Jamoa uchun ancha mehnat qilgandik. Do‘stlar va muxlislar orttirdik. Klub rahbarlari ham yaxshi insonlar. Futbolni va futbolchilarni tushunishadi. Shu bois bosh murabbiyga, rahbarlarga va barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
“Buriram”dagi maqsad haqida
- Yangi klubimda meni iliq kutib olishdi. Hammasi professional darajada ekanligi ko‘rinib turibdi. Bu borada gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Endi barchasini vaqt ko‘rsatadi. Asta-sekin Tailand futboli va uning chempionatiga moslashishga harakat qilyapman. 13 sentyabrdan birinchilik boshlanadi. Bungacha 3-4 ta o‘yinlar o‘tkazilgach, keyin to‘xtatib qo‘yilgandi. Bo‘lajak o‘yinlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. “Buriram Yunayted” har doim chempion bo‘lib kelgan va bundan keyin ham ushbu maqsad sari kurashamiz. Klubda Braziliya, Argentina kabi mamlakatlardan kelgan legionerlar to‘p surishadi. Menga asosiy taklif “Buriram”dan bo‘ldi. Bu yaxshi va nomdor jamoa. Har yili chempionlikka kurashadigan va Osiyo Chempionlar ligasida qatnashishga harakat qiladigan klub. Umid qilamanki, bu erdagi safarim va taassurotlarim uzoq davom etadi. Jamoa bilan esa ikki yillik shartnoma tuzganman.
Ismatullaevga yaratilgan sharoitlar to‘g‘risida
- Klub tomonidan hamma sharoitlar berilgan. Barcha legionerlar qatori menga ham alohida uy va mashg‘ulotlarga, o‘yinlarga borib kelishim uchun mashina berilgan. Bosh murabbiyimiz esa serbiyalik. Jamoa bilan til topishishim qiyin bo‘lmayapti. Baribir futbol tili bitta bo‘lgan. U erda esa asosan ingliz tilida gaplashishadi.
“Paxtakor”dagi xotiralari
- “Paxtakor” menga ko‘p narsa bergan. Klubda etti yil to‘p surib mehnat qildik. Futbolda esa hamma o‘yinni yutishning ilojisi yo‘q. Biroq o‘sha yillar davomida chempionlikka erishdik va Kuboklarni yutdik. “Paxtakor”dan iliq xotiralar qolgan. Ammo hayot bir joyda to‘xtab qolmaydi, u davom etaveradi. Faqat boya aytganimdek, zaxirada qolib o‘tirgandan ko‘ra “Metallurg”ga borib o‘ynaganim yaxshiroq edi. Shunga yarasha Bekobod jamoasida ham qo‘limdan kelganicha to‘p surdim. O‘ylaymanki, “Metallurg”ga o‘tishim o‘sha paytda to‘g‘ri qaror bo‘lgan. Chunki ushbu jamoada ham o‘sishga erishdim deb ayta olaman. Keyinchalik ham yo‘llarimiz to‘qnash kelsa, jamoa uchun yordam beraman.
Fikrlar