
"Har bir jamoani mag‘lubiyatga uchratishga qodirmiz, "Paxtakor" umuman boshqa jamoa" - Ro‘ziqul Berdiev ishtirokida matbuot anjumani
“Nasaf” – “Buxoro” (1:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi tashkil etilgan matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev jurnalistlarning savollariga javob berdi.
- Hozir Superligada oson o‘yinning o‘zi bo‘lmayapti. “Buxoro” jamoasini shunday tempda o‘ynashini bilardik. Shuning uchun imkon qadar tezroq raqib darvozasiga gol urishimiz zarur edi. Buni faqat ikkinchi bo‘lim oxirlariga kelib amalga oshirdik. Asosiysi, uch ochkoni qo‘lga kiritdik, bu muhim edi. G‘alaba bilan futbolchilar va muxlislarimizni alohida tabriklaymiz. Bizni juda yaxshi qo‘llab-quvvatlashdi.
- O‘tgan turdagi omadsizlikdan so‘ng jamoada hali ruhiy ko‘tarinkilik sezilmayapti...
- To‘g‘ri ta’kidladingiz, bu narsa har bir jamoada bo‘lib turadi. Chunki g‘alaba qozonilmasa har qanday tajribali jamoa bo‘lsa ham ruhiy tushkunlik bo‘lib turadi. O‘ylaymanki, bu o‘yin orqali ruhiy holatdan chiqib ketamiz.
- Gruziyalik futbolchi o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘zini juda yaxshi ko‘rsatdi, gollar urdi. Lekin rasmiy bahslarda o‘zini ko‘rsata olmayapti.
- Chempionatimiz uchun yangi o‘yinchi. U to‘liq tasavvurga ham ega emas. Bizning futbol darajamizdan ancha yuqori. Bunga ko‘nikish kerak. Ammo barcha legionerlarimiz bugun o‘yin tempiga va g‘alabaga munosib hissa qo‘shishdi. Raqib qachon charchaganida, yangiroq futbolchilarni tushirsak bu foyda berishi rejamizda bor edi.
- “Nasaf”ni navbatdagi o‘yini “Paxtakor”ga qarshi bo‘ladi va oson kechmasligi aniq. Shu uchrashuvdan nimani ko‘zlayapsiz?
- Har o‘yinga g‘alaba uchun chiqamiz. Har bir jamoani mag‘lubiyatga uchratishga qodirmiz. Shuning uchun keyingi uchrashuvda ham muxlislarni xursand qilish va ijobiy natija uchun maydonga tushamiz.
- “Turon” 12- va “Buxoro” 13-o‘rindagi jamoalar. “Nasaf” oxirgi paytlarda negadir autsayderlarga qarshi juda qiynalyapti. Buning sababi nimada?
- Bu faqat oxirgi o‘yinlarda emas. Bu narsa bizda bo‘lib kelgan. Oldingi o‘yinlarimizda ham ba’zida kutilmagan natijalar yuz bergan. Deylik, “Andijon” jamoasi bilan. Raqibning ko‘pchilik bo‘lib himoyada o‘ynashi bizga qiyinchilik tug‘diryapti. Shu bois ularning rejasini buzish uchun biz tezkor gol kiritishimiz kerak. Agar “Turon” bilan bahsda boshidagi vaziyatlarni golga aylantirganimizda hisob boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Ko‘p klublar bizga himoyaviy o‘yinni taklif qilishyapti. Shuning evaziga ozgina qiynalyapmiz.
- Keyingi o‘yin “Paxtakor”ga qarshi. “Paxtakor” ham himoyaviy o‘yindan foydalanadi, deb o‘ylaysizmi?
- Yo‘q, “Paxtakor” umuman boshqa jamoa. Klub darajasiga qarab o‘ynaydi. “Paxtakor” har doim hujumkor o‘yin tarafdori bo‘lgan. Buni hammamiz bilamiz. U erda katta tajribaga ega futbolchilar bor. Albatta, ularni o‘yiniga qarab, o‘rganib chiqib, o‘z o‘yinimizni tanlaymiz.
- Siz uchun, shogirdlaringiz uchun qaysi logotip ostida o‘ynash qulayroq?
- Bu menimcha katta ahamiyat jalb qiladigan narsa emas. “Nasaf” ajdar bo‘lsa ham, boshqasi bo‘lsa ham o‘z mavqeini saqlab o‘ynaydi.
Fikrlar