
Hamidjon Aktamov Olmaliqdagi g‘alabadan keyin: "Futbol gapxona bo‘lib qolgan"
“Qizilqum” klubi bugun safarda Superliganing 6-turida qoldirilgan AGMKga qarshi o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi – 1:2.
Uchrashuvdan keyin “Qizilqum” bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Juda qiziqarli bellashuv bo‘ldi. Ikkala jamoa ham bellashuv oxirigacha hujumkor o‘yin ko‘rsatdi. Yaxshi o‘yin ko‘rsatdik va g‘alaba qozondik. Bu bilan muxlislarimizni tabriklayman.
- G‘alaba nimani evaziga qo‘lga kiritildi, deb o‘ylaysiz?
- Bugun yutmasak bo‘lmasdi. Bungacha ketma-ket duranglar o‘ynab keldik. O‘tgan turda ham o‘z uyimizda durang qayd etdik. Lekin futbolchilarimiz qiyin vaziyatdan chiqib ketishdi, o‘zlarida kuch topdilar. Uchrashuvga yigitlarni ruhiy tomondan ham tayyorlay oldik.
- O‘tgan yilgi “Qizilqum” bilan bu yilgi “Qizilqum”ni qanday farqi bor? Bu mavsumdagi natijalari yaxshiroq. Jamoada nimani o‘zgartirdingiz?
- Himoyada va hujumda o‘zgarishlar bo‘lgan. Himoya chizig‘i o‘zini oqlayaptiyu, ammo hujumda bunday bo‘lmayotgandi. Ko‘zlangan maqsadga erishdik. G‘oliblar muhokama qilinmaydi.
- Behruz Sa’dulloev zaxiradan maydonga tushgan bo‘lsa-da, yana zaxiraga olindi. Buning sababi nima?
- Taktik o‘zgarish.
- Chempionatdagi tanaffusdan keyin “Qizilqum” yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti. Buning sababi nimada va mana shu tempni mavsum oxirigacha saqlab qola oladimi?
- Shuni ushlab qolishga harakat qilamiz. Yana oldingi gapimga qaytaman, bir oy futbol o‘ynalmadi. Faqat mashg‘ulot o‘tkazildi. Shu bois hamma sport formasidan chiqib ketdi.
- Oybek Qilichev jamoani tark etdimi? Yozgi tanaffusda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
- Oybek Qilichev jamoa bilan birga. Sog‘ligida biroz muammo bo‘lgani uchun bugungi o‘yinga chaqirilmadi, unga dam berdik. O‘zgarishlarni ko‘ramiz va oldinda o‘yinlarimiz bor. Tanaffusda ko‘ramiz, hozir biror nima deya olmayman.
- Vattsadze, Kuxianidze va Qilichev klubdan ketadi deb eshitgandik, bu qanchalik rost?
- Hamma gapiraveradi, futbol shunaqa gapxona bo‘lib qolgan. Hozircha ular biz bilan. Birinchi davradan keyin murabbiy qoladimi yoki futbolchimi, hali hech nima aniqmas. Hozircha hamma jamoa bilan birga.
- Oxirgi ikkita o‘yinda 3-4-3 taktikasida o‘ynadinglar va bu o‘zini oqlayapti. Kelasi uchrashuvlarga shu taktikadan foydalanasizmi?
- Bu jamoaning siri, sizga hamma narsani aytib yuborolmayman, ertaga yana o‘yinimiz bor.
Fikrlar