
Hakim Fuzaylov: "Jamoa yig‘ishda biroz kech qoldik"
"Xorazm" jamoasi Superliganing 3-turida "Buxoro"ga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Urganchliklar bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov matbuot anjumanida shunday dedi:
"Bunday o‘yinlar bo‘lib turadi. Mavsumni ajoyib tarzda boshladik. Tarkibimizda "Buxoro"da to‘p tepgan futbolchilar bor edi va shu sababli biz uchun mazkur bahs printsipial edi. Natijada xohish juda ortib ketdi. "Buxoro"ni g‘alab bilan tabriklayman va muxlislarimizdan uzr so‘rayman. Qo‘rqinchli holat emas, bunaqasi futbolda uchrab turadi. Shunchaki, o‘yinni qayta tahlil qilib chiqib, oldinga intilish lozim.
Birinchi bo‘limda uchrashuvning borishi bizning qo‘limizda edi. 4-5 futbolchimiz "o‘yindan tushib" qolganidan so‘ng vaziyatni o‘nglash qiyin bo‘ldi. O‘z maydonimizda 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdik. Mag‘lubiyat albatta alamli bo‘ldi. Ko‘rib chiqib, tahlil qilamiz va xatolar ustida ishlaymiz.
Jamoa yig‘ishda biroz kech qoldik, tarkibning 70 foizi o‘zgardi. Shunga qaramay, jismoniy ko‘rsatkichlarimiz yaxshi, deb ayta olaman. Jamoaviy o‘yinni asta sekin yaxshilab borish orqali shakllantirib bormoqdamiz va hali bundan ham yaxshiroq harakat qila olamiz".
Fikrlar