
Gvardiola “Siti”dan ketadigan markaziy himoyachi nomini aytdi. U Husanovmi?
“Manchester Siti” chempionat yakunlanishiga uchta uchrashuv qolgan pallada kelasi mavsum uchun Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini naqd qilishga juda yaqin turibdi.
Xosep Gvardiola garchi o‘zida to‘rt yil saqlab kelgan chempionlik unvonini bu gal “Liverpul”ga boy bergan bo‘lsa-da, jamoasini mavsumning birinchi qismida kuzatilgan inqirozdan olib chiqib keta oldi.
Ispaniyalik mutaxassis yuzaga kelgan muammolar echimini tarkibni yangilashda ko‘rdi. Klub yangi transfer siyosatiga ko‘ra, jamoani yoshartirishga qaror qildi. O‘zgarishlar yanvar oyidan boshlandi va jamoaga Abduqodir Husanov, Vitor Reys, Niko Gonsales va Umar Marmush kabi yangi o‘yinchilar olib kelindi.
Xosep Gvardiola yangi jangovar jamoa tashkil qilish yo‘lida o‘ziga qadrdon bo‘lib qolgan tajribali o‘yinchilardan voz kechishiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, keyingi paytda “shaharliklar”ga qimmatbaho ochkolarni keltirayotgan Kevin de Bryuyne 30 iyun kuni erkin agentga aylanishi hal bo‘lgan masala. “Milan”ga ijaraga yuborilgan sobiq sardor Kayl Uoker ham Manchesterga qaytarilmaydi.
Darvozabon Ederson, hujumkor futbolchi Bernardu Silva va yana ayrim tajribali o‘yinchilar hozirdan o‘ziga yangi jamoa qidirmoqda.
Fichajes portalining xabar berishicha, Xosep Gvardiola markaziy himoyachilar tarkibini ham tozalashga qaror qildi. Ispaniyalik mutaxassis keyingi paytda o‘yin amaliyotisiz qolayotgan Abduqodir Husanovdan emas, tajribali Don Stounzdan voz kechishni istayapti.
30 yoshli futbolchi joriy mavsumda salomatligidagi muammolar va jarohatlar tufayli “shaharliklar”ga etarli darajada yordam bera olmadi. Gvardiola bu o‘yinchi bo‘yicha ham o‘zgarish qilish kerak, degan fikrga keldi.
Angliyalik himoyachi “Everton”dagi yorqin o‘yinlaridan keyin 2016 yili “Manchester Siti”ga olib kelingan va uzoq muddat davomida Gvardiola jamoasining himoya qo‘rg‘oni bo‘lib kelgan edi. Stounz asosiy ampluasi markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, mudofaa chizig‘ining turli nuqtalarida o‘ynay olishi uni jamoa etakchisiga aylantirdi.
Biroq joriy mavsumda Jon Stounz “Manchester Siti”ning yigirmata uchrashuvida maydonga tusha oldi xolos va o‘yin darajasi avvalgi yillardan ancha pasayib ketgani namoyon bo‘la boshladi. Qolaversa, “Manchester Siti” yangi erani boshlash ostonasida tarkibda yosh, baquvvat, tezkor va kurashuvchae futbolchilarni jamlashga qaror qilgan.
Klub yangicha transfer siyosatini yuritish uchun sport direktorligiga Ugo Vianani taklif qildi. Bu mutaxassisga yangi tarkib shakllantirish vakolati berildi. Viana ishni yozda amalga oshiriladigan transferlar uchun joy ochishdan boshlaydi.
Tabiiyki, Jon Stounz darajasidagi himoyachi ishsiz qolmaydi. “Siti” bilan yana bir yillik shartnomasi qolgan o‘yinchini “Everton” ortga qaytarmoqchi. “Vest Xem” Stounz tajribasiga tayanib, himoya chizig‘ini mustahkamlashni rejalashtirgan. Qolaversa, Jonga Angliya va Evropa tashqarisidan ham taklif va chorlovlar etarli.
Bu borada ko‘p narsa “Manchester Siti” Stounz uchun qancha miqdorda badal puli talab qilishi va himoyachining qancha maosh so‘rashiga bog‘liq bo‘ladi.
Husanovni o‘ynatmayotgan Gvardiola “Siti”dan ketishini aytdi!
Raneri Shomurodov haqida jiddiy gaplarni aytdi!
Fikrlar