
Gvardiola shogirdlariga ishonmay qo‘ydi
“Manchester Siti” Evropa Chempionlar ligasining umumiy bosqichi doirasidagi oxirgi uchrashuvda “Bryugge” futbolchilari 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, musobaqadagi ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi.
Shunga qaramay, “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvaridiola shogirdlari Chempionlar ligasida g‘olib chiqishga qodir emasligini tan oldi.
- Joriy mavsumda Chempionlar ligasida g‘olib chiqish jamoam uchun uddalab bo‘lmas vafiza hisoblanadi. Biz ushbu musobaqada bosh sovrinni qo‘lga kiritgan yilni esga olib, o‘shanda men faqat g‘alaba haqida bosh qotirganimni eslayman. Hozir esa, real holatga qarab baho berish lozim.
Raqobatchilarimiz bizga qaraganda, katta tajribaga ega. “Real” ham muayyan qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazdi, lekin so‘nggi paytda o‘zining yuqori darajasiga ko‘tarilib oldi va yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etyapti.
“Bavariya” esa Vensan Kompani qo‘l ostida mavsumni zo‘r o‘tkazyapti.
Agar biz ertagayoq maydonga tushadigan bo‘lsak, qiynalib qolamiz. Biroq ikki haftadan keyin vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishiga umid qilamiz. Ko‘p narsa keyingi raqibimiz qaysi jamoa bo‘lishiga bog‘liq. Har qanday raqibga qarshi puxta tayyorgarlik ko‘rib, optimal sport formasini saqlab turishga harakat qilamiz, - dedi Xosep Gvardiola.
Chempionlar ligasining keyingi bosqichiga 31 yanvar kuni qur’a tashlanadi. “Manchester Siti” umumiy bosqchini 22-o‘rinda yakunlagani bois, “Real” yoki “Bavariya”ga to‘qnash kelishi aytilmoqda.
Fikrlar