
Gvardiola Husanovning kamchiligi va yutuqlari haqida (to‘liq fikrlari)
Angliya Premer-ligasining 25-turidan o‘rin olgan bahs o‘z nihoyasiga etdi.
Mazkur turda Xosep Gvardiola boshchiligidagi "Manchester Siti" "Nyukasl Yunayted" ustidan yirik 4:0 hisobida zafar quchdi.
Ushbu bellashuvda misrlik yulduz hisoblangan Omar Marmush xet-trikka erishdi (19, 24, 33) O‘yinning 84-daqiqasida Makati hisobni yana yiriklashtirib qo‘ydi..
Milliy terma jamoamiz a’zosi hisoblangan Abduqodir Husanov esa o‘yinni to‘liq o‘tkazdi.
Bellashuvdan so‘ng "shaharliklar" ustozi Xosep Gvardiola matbuot anjumanida hamyurtimiz haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
- Abduqodir Husanov yakkama-yakka vaziyatlarda juda agressiv. Biroq ko‘rinib turibdiki, bu uning qo‘polligi. Boshqa tajribali markaziy himoyachilarda esa bu qoidabuzarlik bo‘lmasdi. O‘ylashimcha, u o‘rganadi.
- Jamoaga kelishidan bir necha kun o‘tib "Chelsi"ga qarshi o‘ynash oson emas. Ilk daqiqalarda nimalar bo‘lganini ko‘rdingiz. O‘zbekiston yoki Frantsiyadan bu erga kelish oson emas. U bugun Ruben Diash, Manuel Akanji va Natan Ake va boshqalarning vaziyatidan kelib chiqib o‘ynadi va bu Husanov uchun, biz uchun va biz tasavvur qilgan potentsialni shakllantirish uchun juda yaxshi.
- U to‘p bilan ancha xotirjam va juda tez. Agar Isakka qarshi o‘ynab, zudlik bilan orqaga qaytish kerak bo‘lsa, u buni uddalay oladi. Shuningdek, qaror qabul qilish ham yaxshilanishi kerak, ammo bu yosh masalasi.
- Eng muhimi, Abduqodir jamoaga juda yaxshi moslashdi. U juda uyatchan va ko‘p gapirmaydi. O‘ylaymanki, u bizga hali ko‘p yordam beradi. U jamoadagilar bilan juda yaxshi munosabatda bo‘ldi. Husanov ham Niko Gonsales va Vitor Reys kabi yosh futbolchilar bilan "Siti" keyingi yillarda rivojlanadi.
20 yoshli himoyachimiz ushbu o‘yin davomida 76 marta to‘pga teginishga muvaffaq bo‘lib, 68 ta uzatma berdi. Ularning 63 tasi jamoadoshlariga aniq etib bordi (93 %). Bundan tashqari, iqtidorli himoyachi o‘yin davomida 7 bora uzoq masofaga uzatma amalga oshirib, 2 tasi aniq etib bordi.
Abduqodir maydondagi 3 ta kurashlardan bittasida g‘alaba qozonishga ham muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, ikkinchi qavatdagi kurashlarda 100 foizlik (2/2) ko‘rsatkich qayd etdi. Husanov o‘yin davomida 2 bora qoida buzishga ham ulgurdi. Uning ushbu harakatlarini "Sofascore" portali 7.0 ballga loyiq ko‘rdi.
Ma’lumot o‘rnida, Gvardiola boshchiligidagi "shaharliklar" navbatdagi uchrashuvini 19 fevral kuni Ispaniyaning "Real Madrid" klubiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar