Gvardiola bir yulduzdan voz kechdi
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola yil boshida jamoaga Abduqodir Husanovning kelishi bilan boshlangan avlodlar almashinuvi jarayonini to‘xtatmoqchi emas.
Yaqinlashib kelayotgan qishki transferlar davrida jamoa tarkibida yana o‘zgarishlar bo‘ladi. Ketadiganlar ro‘yxatining yuqori qismida Mateo Kovachich nomi ko‘rsatilgan.
Bir necha manbalarning yozishicha, Xosep Gvardiola tajribali yarim himoyachiga yanvarda ko‘chib o‘tish uchun o‘ziga boshqa jamoa topishini aytgan.
Angliya Premer-ligasining o‘zida “Aston Villa” va “Vest Xem” tarkibini Kovachich yordamida kuchaytirishga tayyorligi aytilmoqda.
Avvalroq, Italiya chempionati etakchilaridan “Milan” ham xorvatiyalik yarim himoyachini nishonga olgani va Kovachichni A Seriyaga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirish vazifasini uning terma jamoadagi do‘sti Luka Modrichga topshirgani haqida ma’lumotlar tarqatilgan edi.
“Dinamo Zagreb” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan 31 yoshli Mateo Kovachich 2023 yili “Manchester Siti”ga kelgunga qadar Italiyada “Inter”, Ispaniyada “Real” va Angliyada “Chelsi” klublari sharafini himoya qilgan.
Ayni paytda 20 million evroga baholanayotgan tajribali pleymeykerning “shaharliklar” bilan tuzgan shartnomasi 2027 yilning 30 iyunigacha davom etishi belgilangan.



Fikrlar