
Gvardiola bir futbolchi o‘rniga ikki yulduzni olmoqchi
Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti” tarkibida ham o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. “Shaharliklar” ispaniyalik legioner Rodri Ernandesga o‘rinbosar qidirmoqda.
Germaniyadagi Evropa chempionatining eng yaxshi futbolchisi, deb topilgan Rodriga “Real”dan jiddiy qiziqish bo‘lyapti.
The Telegraph nashriga ko‘ra, manchesterliklar bosh murabbiyi Xosep Gvardiola tayanch zonada ispan futbolchisining o‘rnini bosa oladigan o‘yinchi sifatida “Nyukasl” vakili Bruno Gimaraes va “Bavariya” yarim himoyachisi Yozua Kimmixni tanladi.
28 yoshli Rodri Ernandes “Atletiko” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq professional faoliyatini “Vilyarreal”da boshlab, keyinchalik 2018 yili “Atletiko”ga qaytgan.
Rodri uchun 20 million evro to‘lagan madridliklar bir yildan keyin uni “Manchester Siti”ga 70 million evroga transfer qilib yubordi.
Ispaniyalik futbolchi klublar miqyosida jami 430 ta uchrashuvda ishtirok etib, 33 ta gol va 37 ta golli pas muallifi bo‘ldi.
Fikrlar