"Guliston" klubi qayta tashkil etiladi. Uning yangi bosh murabbiyi ham ma’lum
Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan “Guliston” professional futbol klubini tashkil etish bo‘yicha ishlar jadal sur’atlarda boshlab yuborildi. Bu xususida viloyat futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda klubning boshqaruv tizimi to‘liq shakllantirilib, murabbiylar shtabi ham aniqlandi. Jamoa 16 dekabrdan boshlab o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga kirishadi. Bu esa yangi tashkil etilayotgan klubning oldiga qo‘yilgan yuksak maqsadlar sari tashlangan muhim qadamdir.
Klub prezidenti lavozimiga Ashurmatov Oybek Shodmonqulovich tayinlandi. Klub direktori sifatida esa yaqin o‘tmishda “Mash’al” va “Nasaf” jamoalari safida yorqin o‘yinlari bilan muxlislar mehrini qozongan, OFK Kubogi sohibi, taniqli futbolchi Jahongir Jiyamurodov faoliyat olib boradi. Ularning rahbarligida klubni zamonaviy talablarga mos tarzda rivojlantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Jamoaning bosh murabbiyi etib O‘FA instruktori, tajribali va iqtidorli mutaxassis Abbos Ergashev tayinlandi. Hozirgi vaqtda jamoa tarkibini shakllantirish ishlari olib borilmoqda, istiqbolli futbolchilar jalb etilmoqda. Tez orada klub hayotiga oid muhim yangiliklar bilan futbol muxlislarini muntazam xabardor qilib boramiz.
“Guliston” professional futbol klubi — hudud futboli rivoji yo‘lida yangi sahifa, yangi umid va katta maqsadlar timsolidir.



Fikrlar