Gol urganlar, goldan qutqarganlar, golga assist bo‘lganlar yoxud 7-turning 7 ta eng zo‘rlari

  • 15 may, 2024, 12:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha Superligada 7-turning so‘nggi o‘yini bo‘lib o‘tdi. Odatimizga ko‘ra, turdagi 7 ta uchrashuvning eng yaxshi futbolchilari haqida to‘xtalamiz.

Tecno

“Metallurg” – “Qizilqum” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Rizo Yazdan Do‘st

“Metallurg”ning eronlik legioneri Rizo Yazdan Do‘st “Qizilqum” bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. “Metallurg”ning mudofaa chizig‘ida Yazdan Do‘st misolida “beton” qo‘yib qo‘yilgandek tuyuldi. U o‘z ishini yaxshi bajardi va “Metallurg” nolga o‘ynadi. Ammo hujumda ham jamoaning ishlari nol bo‘ldi va raqib darvozasiga gol ura olmadilar. Aksiga olib bekobodliklar hujumchisi Shahzod Ubaydullaev penaltidan gol ura olmadi. Aks holda...

“Olimpik” – “Paxtakor” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi: Doston Hamdamov

Toshkent derbisida “Paxtakor” klubi “Olimpik”ga qarshi uchrashuvda qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Sherlar” yarim himoyachisi Doston Hamdamov jamoasining dastlabki goliga mualliflik qildi va ikkinchi golga assist vazifasini bajardi. Tabiiyki, u eng yaxshi o‘yinchiga aylandi.

“So‘g‘diyona” – “Navbahor” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi: Azim Ahmedov

“Navbahor” Jizzaxdagi bellashuvda juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Natijada namanganliklar turnir peshqadamiga aylanib oldilar. Safardagi bellashuvda Samvel Babayan shogirdlari natija uchun yaxshi harakat qildilar. Maydonda Babayanning “o‘ng qo‘li” sifatida to‘p surayotgan jamoa sardori Azimjon Ahmedov raqiblarning hujumlarini zararsizlantirishda va jamoasining hujumlarini boshlashda o‘rnak bo‘la oldi.

“Neftchi” – “Andijon” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Bektemir Abdumannonov

“Dahshatli” o‘tgan vodiy derbisida “Andijon” futbolchisi Bektemir Abdumannonov yana katta sahnada. “Burgutlar”ning bu yilgi eng omadli transferi sifatida e’tirof etilayotgan ushbu yarim himoyachi Farg‘onadagi uchrashuvda ham raqiblarni shoshirib qo‘ydi va jamoasining ikkala golida ishtirok etdi. Bektemir birinchi bo‘limda o‘zi hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda Farhod Sohibjonovning super goliga assist qildi. O‘sha ikkinchi golni ham Bekning o‘zi ishladi. Uni yiqitishdi va jarima zarbasidan ajoyib pasni amalga oshirdi. “Andijon”ning kiritilayotgan aksariyat gollarida Abdumannonov qatnashib kelyapti.

“Surxon” – “Dinamo” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Anvar Hojimirzaev

Bir necha yil mobaynida pro ligada o‘ynab kelgan Anvar Hojimirzaev bu yil Superligada to‘p surishga kirishdi. Unga bunday imkoniyatni Vadim Abramov taqdim etdi va u bu qarori naqadar to‘g‘ri bo‘lganini futbolchi o‘z o‘yinlari bilan isbotlayapti. Toshkentda “Surxon”ga qarshi uchrashuvning qo‘shib berilgan oxirgi daqiqalarida Hojimirzaev penaltidan hisobni tenglashtirdi va o‘yinni ham faol olib bordi. U boshqa uchrashuvlarda ham ajralib turgandi. Anvar haqli ravishda “Dinamo”ning eng yaxshilaridan biri bo‘lib turibdi.

“Nasaf” – “Bunyodkor” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Marin Lyubich

O‘yindan oldin “Nasaf”ning imkoniyatini ko‘pchilik yuqori baholagandi. Favorit mezbonlar edi. Bu holat turnir jadvalidan ham ma’lum edi. Ammo bahsda 0:0 hisobi kuzatildi. Uchrashuvdan keyin “Bunyodkor” bosh murabbiyi ushbu durangni qo‘rqmasdan g‘alabaga tenglashtirdi va u bu gapni aytganida haq edi. Ayniqsa, legioner darvozaboni “Nasaf”ning g‘alabasiga yo‘l qo‘ymadi. Marin Lyubich “Bunyodkor”dagi o‘zining eng zo‘r o‘yinini ko‘rsatdi. Jamoasini bir necha bor muqarrar gollardan saqlab qoldi va “Bunyodkor”ni qimmatli bir ochko bilan qaytishiga katta mehnati singdi.

“Lokomotiv” – OKMK – 0:2. Eng yaxshi futbolchi: Xurshid G‘iyosov

Toshkent derbisida “Lokomotiv” o‘z maydonida Olmaliqning OKMK klubini qabul qildi va 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. O‘yin oxirlarida mehmonlar ikkita muhim golni urdi. Xurshid G‘iyosovning ikkinchi golidan keyin uchrashuv taqdiri uzil-kesil hal bo‘ldi. Aytish lozimki, ushbu o‘yinchi bahsni ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi va o‘z mehnatiga yarasha bellashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Qolaversa, u o‘z harakatlari evaziga gol urishga ham munosib edi va buni amalda bajardi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!