
Gol urgan o‘zbek legioneri eng zo‘ri bo‘ldi!
Qishki tanaffusdan keyin yana qayta tiklangan futbol bo‘yicha Rossiya chempionati o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarini ham befarq qoldirmadi.
Ayniqsa, yaqinda Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida tshonchli o‘yin namoyish qilgan Rustamjon Ashurmatov hamon yuqori sport formasida ekanini ko‘rsatgani muxlislarni xursand qildi.
Tajribali markaziy himoyachi Rossiya Premer-ligasining 19-turida “Rubin”ning musobaqa peshqadami “Krasnodar” maydonida bo‘lib o‘tkazgan uchrashuvida asosiy tarkibda maydonga tushib to‘liq o‘ynadi.
Ashurmatov himoyadagi vazifalarini to‘liq bajarish bilan birga jamoasining hujumlarini tashkil etishda va raqib darvozasiga xavf solishda ham o‘zini ko‘rsatdi. Bellashuvning so‘nggi daqiqalarida legionerimiz boshi bilan “Krasnodar” darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Rossiya futbolini tahlil qilayotgan mutaxassislar, sohani yoritayotgan etakchi ommaviy axborot vositalari Rustam Ashurmatovning o‘yinini yuqori baholadi.
Deyarli barcha nashrlar, xususan, ancha nufuzli sanalgan matchtv.ru, football.kulichki.net, www.sovsport.ru kabi saytlar o‘zbek futbolchisini 19-tur ramziy termasiga markaziy himoyachi sifatida kiritdi.
Bundan tashqari, futbol uchrashuvlarini tahlili bilan shug‘ullanadigan “RUSTAT” servis kompaniyasi Rustam Ashurmatovni Rossiya Premer-ligasida 19-turning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etdi.
“RUSTAT” matbuot xizmati:
Rustam Ashurmatov chempionat etakchisi “Krasnodar” bilan bahsda so‘nggi daqiqada gol urib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolganidan tashqari, darvozaga aniq zarba berish bo‘yicha turning eng yaxshi o‘yinchisi, to‘p qaytarish masalasida eng zo‘r olti futbolchidan biri bo‘ldi, himoyadagi yakkakurashlar va to‘pni egallab olish bo‘yicha kuchli yigirmatalikka kirdi.
Rustam Ashurmatov o‘yin davomida amalga oshirgan texnik-taktik harakatlarining 86 foizi muvaffaqiyatli chiqdi.
“Rubin”markaziy himoyachsi Rustam Ashurmatov “Krasnodar”ga qarshi o‘yinni zo‘r o‘tkazdi. Ashurmatov himoyalanishda ko‘p jihatdan o‘zini ko‘rsata oldi. Xususan, uch marta raqib to‘pini egallab oldi. Biroq o‘zbek himoyachisini ramziy terma jamoamizga himoyadagi o‘yinlari uchun emas, birinchi navbatda, hujumdagi samarali harakatlari hisobiga kiritdik.
Rustamjon o‘yin oxirida peshqadam jamoa jarima maydonchasiga borgani muvaffaqiyatli chiqdi va burchakdan uzatilgan to‘pni Matvey Safonov darvozasiga boshi bilan joylab qo‘ydi. Shu tariqa, Rashid Rahimov jamoasiga durang natija taqdim etdi.
Rossiya Premer-ligasini muntazam kuzatib bormaydiganlar Rustam Ashurmatov qaysi jamoada o‘ynashini ham bilmasa kerak. Buning hayron qolarli joyi yo‘q, chunki joriy mavsumda u faqat uch marta boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan xolos.
Endi bundanam hayratli holat yuz berdi. Rustam markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, 19-turda darvozaga eng ko‘p (3 marotaba) aniq zarba bergan futbolchi bo‘ldi, umumiy zarbalar soni (4 ta zarba) bo‘yicha ikkinchi o‘rinda qayd etildi.
Qo‘shimchasiga, Ashurmatovning so‘nggi daqiqada chempionat peshqadami darvozasiga urgan goli “Rubin”ni muqarrar mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Fikrlar