
"Globe Soccer Awards": Mavsumning eng yaxshilari aniqlandi!
Bir necha soat oldin "Globe Soccer Awards" marosimi bo‘lib o‘tdi va unda mavsumning eng yaxshi futbolchisi, murabbiyi hamda klubi aniqlandi. Unga ko‘ra:
Frantsiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe "Globe Soccer Awards" marosimida Evropaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
PSJ forvardi sovrin uchun kurashda Jud Bellingem ("Real"), Fil Foden ("Manchester Siti"), Antuan Grizmann ("Atletiko"), Seru Girassi ("Shtutgart"), Erling Xoland ("Manchester Siti"),Xarri Keyn ("Bavariya"), Lautaro Martines ("Inter"), Rodri ("Manchester Siti"), Muhammad Saloh ("Liverpul"), Bernardu Silva ("Manchester Siti") va Vinisius Junior ("Real") kabi futbolchilarni ortda qoldirdi.
"Manchester Siti" "Globe Soccer Awards" marosimida Evropaning eng yaxshi klubi deb topildi.
"Shaharliklar" "Real", "Bayer", "Barselona", PSJ, "Inter", "Atalanta", "Sporting", Arsenal" , "Jirona" kabi klublarni ortda qoldirib, sovringa ega chiqdi.
Gvardiola shogirdlari 2023/24 yilgi mavsumda ketma-ket 4-marta Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi va Angliya kubogi finaliga ham chiqdi.
Xabi Alonso "Globe Soccer Awards" marosimida Evropaning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
«Bayer» ispaniyalik mutaxassis boshchiligida butun mavsum davomida faqat bir marta mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi va Germaniya chempionligi hamda kubogini qo‘lga kiritdi.
Mukofotga shuningdek, Ruben Amorim ("Sporting"), Karlo Anchelotti ("Real"), Mikel Arteta («Arsenal»), Jan Pero Gasperini ("Atalanta"), Xosep Gvardiola ("Manchester Siti"), Simone Indzagi ("Inter"), Mishel ("Jirona"), Tiago Motta ("Bolonya") va Xavi ("Barselona") kabi murabbiylar da’vogarlar qatorida edi.
Fikrlar