Germaniya chempionlari Husanovni olib ketmoqchi

  • 19 noyabr, 2024, 08:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Abduqodir Husanov Evropaning bir necha mashhur klublari uchun transfer nishoniga aylangan. Mavsum boshidanoq, avval “Lans”ning, keyin  Frantsiya chempionatining eng yaxshi himoyachisiga aylangan o‘zbek futbolchining dovrug‘i butun qit’aga yoyildi.

Tecno

20 yoshli futbolchimiz maydonni yaxshi ko‘ra olishi, o‘yinni tushunishi, himoya chizig‘ini boshqarashi, kurashuvchanligi, shiddatli o‘yini, tezkorligi, turli masofalarga aniq pas uzata olishi, hujumga qo‘shilish qobiliyati kabi xususiyatlari bilan katta klublar e’tiborini qozondi.

Taniqli insayder Nikolo Skira Abduqodir Husanovga Frantsiyaning o‘zidan “Marsel” va “Pari Sen-Jermen” qiziqayotgani, bundan tashqari, Angliyaning “Chelsi” va “Tottenxem” kabi grandlari o‘zbek himoyachisini nishonga olgani haqida xabar tarqatdi.

Yana bir nufuzli manba – “Marsel” faoliyatini yoritib kelayotgan coeurmarseillais.fr sayti ham  bu klubning Abduqodirni nishonga olganini tasdiqladi va marselliklar bu transferni yanvar oyida amalga oshirishga harakat qilishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, ushbu sayt, agar “Marsel” bu o‘yinchini qishda qo‘lga kirita olmasa, klub prezidenti Pablo Longoriya takroran yozgi transferlar oynasida navbatdagi urinishni amalga oshirishini ta’kidlamoqda.

Transfer bo‘yicha ekspertlarning ta’kidlashicha, Abduqodir Husanovni olish oson bo‘lmaydi. Bunga bir necha sabablar bor. Birinchidan, “Lans” himoyani ushlab turgan asosiy o‘yinchisini sotishga shoshilmaydi va unga katta narx taklif qilingan taqdirdagina muzokaraga kirishadi.

Ikkinchidan, Husanov uchun grandlardan iborat navbat shakllanib bo‘lgan va bu ro‘yxat kengayib bormoqda. Frantsiya, Italiya, Angliyadan bo‘layotgan chorlovlardan tashqari Germaniya varianti ham paydo bo‘ldi.

Nufuzli manbalardan biri – msn.com bu haqda quyidagicha ma’lumot tarqatdi.

- Abduqodir Husanov bugungi kunda ko‘plab katta jamoalar e’tiboriga tushgan va ular har bir o‘yinchiga qo‘yadigan talablarga to‘liq javob beradigan darajadagi o‘yinchiga aylangan. 20 yoshli futbolchi “Lans”ga olib kelinganida uni hech kim tanimas edi. Bugungi kunda bu o‘yinchi Frantsiya chempionatini juda yaxshi bilib oldi va o‘zini ham yaxshi tomondan ko‘rsatmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Leverkuzenning “Bayer” klubi Abduqodir Husanovni tezroq transfer qilish haqida bir qarorga keldi. Bu futbolchi xotirjamligi, maydonda aql bilan o‘ynashi, pozitsiyalarni yaxshi tanlashi, universalligi bilan klublar e’tiborini o‘ziga tortmoqda.

Shunga qaramay, “Lans” qishda uni qo‘yib yuborishga shoshilmaydi. Bu klub 100 ming evroga olingan o‘yinchining transfer summasi muntazam ko‘tarilib borishini yaxshi biladi. Xususan, L'Equipe nashri Belarus chempionatidan 100 ming evroga transfer qilingan o‘zbek futbolchisining transfer summasi bir necha oy ichida 10 million evrodan o‘tganini ma’lum qildi. Buni inobatga olgan lansliklar o‘z o‘yinchisi uchun bundan-da katta kompensatsiya talab qilishi turgan gap, - deb yozdi – msn.com sayti o‘z maqolasida.

Germaniyaning amaldagi chempioni “Bayer”ning O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchisini olishga harakat qilayotganini boshqa manbalar ham tasdiqladi.

- Abduqodir Husanov  navbatdagi transfer oynalari davrida “Lans”ni tark etishi mumkin. Angliya Premer-ligasidagi “Arsenal”, “Chelsi”, “Everton”, “Nyukasl”dan keyin Germaniya Bundesligasidan “Bayer” ham “Lans” kashfiyotiga jiddiy qiziqish bildiryapti.

Haqiqatan, “Bayer” va “Marsel” kabi klublar ham yosh o‘zbek futbolchini olishga navbat hosil qilgan klublar qatoriga qo‘shildi. Mavsum boshidan o‘zini ko‘rsatib kelayotgan Husanovning “Lans” bilan shartnomasi 2027 yilning 30 iyunigacha davom etadi.

“Lans” qishki transferlar vaqtida narxi o‘sib borayotgan o‘yinchisini qo‘yib yuborish ishtiyoqini namoyon qilgani yo‘q. Katta ehtimol bilan Husanov masalasi kelasi yozda, mavsum tugaganidan keyin muhokama qilinadi, - deb yozdi allezlens.fr portali.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov futboldagi boshlang‘ich bilimlarini “Bunyodkor” klubida olgan. Professional faoliyatini Belarus chempionatining “Energetik-BGU” jamoasida boshladi. “Lans” hamyurtimizni 2023 yilning yozida o‘z safiga qo‘shib oldi.

Abduqodir Husanov “Lans” tarkibida Frantsiya chempionatidan tashqari UEFAning uchta nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasi, Evropa ligasi va Konferentsiyalar ligasida ham debyutini nishonladi.  

Husanovga eng mashhur klub da’vogarlik qilyapti!

“Roma”ning Shomurodov bo‘yicha yana fikri o‘zgardi. Eldorga oid so‘nggi ma’lumot!

Fayzullaevga Turkiya, Niderlandiya, Portugaliyadan qiziqish bor. Abbos qaerga o‘tgani ma’qul?

“Roma” Shomurodovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, natija esa...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Сурхан Ангор
18/11/2024 13:32
Омад!