
G‘ayrat Hasanov: Futbol shou biznesga aylanib ketdi
O‘ziga xos xarakter va xususiyatga ega bo‘lgan darvozabonlarimizdan biri – G‘ayrat Hasanov muxlislarning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. «Neftchi»dagi faoliyati orqali tanilgan hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasining sharafini ham himoya qilgan farg‘onalik posbon keyinchalik hech qaerda ko‘rinish bermadi. Hasanovning oxirgi klubi esa «Qo‘qon-1912» bo‘ldi. Odatda darvozabonlar futbolchilarga nisbatan ko‘proq faoliyat olib borishadi. Biroq G‘ayrat biroz ertaroq tugatishga qaror qildi. Keyin esa u o‘zini tadbirkorlikda ham sinab ko‘rmoqchiligi borasida eshitgandik. Lekin o‘ylagan rejalari amalga oshmadi.
Darvozabonlar murabbiyiga aylangan sobiq posbon
- Oxirgi marta 2016 yili oliy ligada «Qo‘qon-1912»da to‘p surdim va o‘sha erda faoliyatimga yakun yasadim. Shundan keyin Farg‘ona davlat universitetida ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha iqtisodiyot fakultetini 2017 yili tugatdim. Shu bilan birga futbolni tugatganimdan keyin bir-ikki yil dam olib yurdim. Hozirgi paytda Farg‘ona viloyati futbol akademiyasida darvozabonlar murabbiyi bo‘lib ishlab kelyapman. Toshkentda darvozabonlar uchun maxsus tashkil etilgan Level-1 o‘quv-kursini tugatdim. Mavsum boshida pro-ligada «Iftixor»da ish boshlagandim. Lekin jamoaning kelajak uchun qilingan rejalari menga yoqmaganligi sababli u erda ko‘p qolganim yo‘q. Birinchi davradan so‘ng o‘z xohishim bilan ketdim.
Amalga oshmay qolgan rejasi
- Yaypanda 1968 yilda qurilgan o‘yingoh bo‘lardi. 2016 yili hokimiyat tomonidan o‘sha stadion zaxira balansiga olingandi. Faoliyati tugatilgan stadion ikki yil zaxira balansida turgandi. Men esa hokimiyatdan o‘sha stadionni so‘ragandim. Ikki milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritib, uyushmagan bolalar uchun o‘zimning sport klubimni tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqandim. Lekin bu urinishlarim ayrim sabablarga ko‘ra amalga oshmay qoldi. Shunga qaramay, baribir yana futbolda ishlashni xohladim. Tashabbusim qo‘llab-quvvatlanmaganidan keyin Farg‘ona viloyati futbol akademiyasiga ishga kirdim. Endilikda futboldagi to‘plagan tajribalarimni yosh bolalarga o‘rgatib boryapman.
Hasanovning futbolga qarashlari
- Bundan keyin ham o‘zimning reja va maqsadlarim bor. Ularni yanada takomillashtirish va mukammallashtirish maqsadida ham Farg‘ona davlat universitetining iqtisodiyot fakultetida tahsil oldim. Hozirgi zamonaviy futbolda juda kerak bo‘lgan o‘z-o‘zini boshqarish, iqtisodiy jarayonni takomillashtirish hamda rivojlantirishga yordam beradigan bilimlarga ega bo‘lish maqsadida ham o‘sha erda o‘qidim. Men zamonaviy futboldagi barcha bilimlarga ega bo‘lish maqsadida ham izlanyapman. Kelajakda Farg‘ona futbolini yuksaltirishni niyat qilganman. Futbol shunday sport turiki, bu shou-biznesga aylanib bo‘lgan, bu hech kimga sir emas. Qisqasi, futbol uchun manfaati tegadigan inson bo‘lishga intilyapman. Shuningdek, yana Superligada ishlash niyatim ham bor. Lekin buning uchun etarli darajada bilimga ega bo‘lishim hamda futbolda hali biz bilmagan sir-sinoatlarga ham ega bo‘lishimiz zarur. Murabbiylik sohasida hali yoshmiz. Lekin o‘zbek futboliga o‘z manfaatimni qo‘shish maqsadida o‘qib, izlanishda davom etyapman. Futbolchilik faoliyatimga kelsak, bolalik chog‘imda bundan ortig‘ini orzu ham qilmagandim. Yoshligimda «Neftchi»da o‘ynashni, «Paxtakor»ga qarshi to‘p surishni xohlardim. Keyinchalik o‘zim istagan va o‘ylagan orzularimga erisha oldim. Futboldan armonim yo‘q. Ayni paytda o‘zim tarbiyalayotgan yoshlarni kelajakda jahon arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, munosib darajada himoya qilishlarini juda-juda istayman.
Yangicha yondashuvga muxtoj bo‘lgan «Neftchi» haqida
- «Neftchi» jamoasini qayta tiklashga harakat qilishyapti. Lekin bu klubni bugungi zamon futbolining talablariga o‘tishini xohlagan bo‘lardim. Shu ma’noda futbolga bo‘lgan qarashlarni ham o‘zgartirish kerak va jahon futbol uslubiga o‘tishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Hozirgi futbol esa zamonaviy rahbarlarni, homiylarni va tashkilotchilarini talab qiladi. Yuqorida aytganimdek, futbol shouga aylanib ketgan. Shu sababli shouga arziydigan mablag‘ topib, ta’minotni yo‘lga qo‘yish kerak. Iqtisodiy tomondan klub o‘zini-o‘zi boshqarish yo‘llarini izlab topishi juda muhim. Endi Farg‘ona futboli salohiyatini oshirish uchun ishga yangicha yondashuv, bilim, aql, intilish va tashkilotchilik talab qilinadi deb o‘ylayman. Bundan keyin hokimiyat pul ajratsa, ishlarimiz yaxshi bo‘lib ketadi, degan o‘y-xayollar bilan futbolni rivojlantirish yod tushuncha deb hisoblayman.
G‘ayrat Hasanov klublarimiz uchun «Nasaf»ni namuna qilmoqda
- Menimcha, hozirda futbolimiz o‘tish davrida. Masalan, men «Nasaf»da faoliyat olib borganman. Bu jamoaning nimalarga tayanib ishlashini yaxshi bilaman. Hozirgi iqtisodiy holatda klub o‘z tarbiyalanuvchilarini voyaga etkazib, ularni etakchi klublarimizga sotish orqali pul ishlayapti. Klubga hokimiyatning yordamidan tashqari «Nasaf» o‘ziga-o‘ziga daromad topib, ta’minlab kelmoqda. Agar o‘zbek klublarining har biri «Nasaf» qo‘llayotgan uslubdan foydalanishsa, futbolimiz ikkinchi bosqichga o‘tishi mumkin. Ikkinchi bosqich deganda, endi klublarimiz o‘zimizning etakchilarimiz uchun emas, balki Evropaga, xorij klublariga o‘yinchilarni etishtirib bera olsa, rivojlanish uchun katta turtki bo‘lgan bo‘lardi.
Fikrlar