
"Gapirsak gap ko‘p, "So‘g‘diyona" bilan medallarni yutmoqchimiz" - Sanjar Shoahmedov
“So‘g‘diyona” mavsumlar oralig‘ida o‘z safini yaxshi saviyadagi o‘yinchilar bilan to‘ldirib olayotganini eshitayotgandirsiz.
Masalan, tajribali yarim himoyachi Sanjar Shoahmedov endi jizzaxliklar a’zosiga aylandi. O‘tgan mavsumni “Qizilqum”da o‘tkazgan o‘yinchi bor e’tiborini “So‘g‘diyona”ga qaratdi.
Futbolchi yangi jamoasi bilan Turkiyaning Antaliya yig‘iniga ketayogan chog‘ida u bilan Toshkent xalqaro aeroportida biroz suhbatlashdik.
- “So‘g‘diyona” jamoasiga ko‘chib o‘tganingizni kutganlar ham, kutmaganlar ham bo‘ldi, deyishimiz mumkin. Avvalo, klub safiga qo‘shilishingiz haqida aytib o‘tsangiz.
- “So‘g‘diyona” taklif bilan chiqqandi. Hamma qatori uyda edim va o‘zim shug‘ullanib turgandim. Hamma kutganmi-yo‘qmi, bilmadimu, ammo nasibam shu erda ekan, shartnoma imzoladik. Yana 3-4 ta variantlar bor edi. Jizzaxni Toshkentga yaqinroq deb shuni tanladim. Bosh murabbiy ham ishonch bildirib chaqirgani uchun keldim.
- Bundan chiqdi, “So‘g‘diyona”ga o‘tishingiz syurpriz emas-a?
- Nimasi syurpriz? Bu yaxshi jamoa. O‘tgan yili OFK Kubogida o‘ynadi. Kurashadigan jamoa.
- Demak, “Qizilqum”dan ketishingiz aniq edi-a? Chunki u erni ko‘pchilik tark etgandi...
- Ha, mening ham ketishim aniq edi. Jamoani tark etishim haqida rejalashtirib qo‘ygandim. Shartnomam tugagach, ketdim. Buni nima bilandir bog‘lash shart emas. Hammasi yaxshi edi. Ba’zi-bir sabablarga ko‘ra klubni almashtirishga qaror qildim. Gapirsak gap ko‘p.
- “So‘g‘diyona”ga o‘tgach, faoliyatigizda balki yana yangi sahifa ochilayotgandir. Ushbu klub orqali nimaga erishmoqchisiz? Bir qator klublarda to‘p surib yutuqlarga, sovrinlarga erishgansiz.
- To‘g‘ri, O‘zbekiston Kubogini ham, chempionlikni ham qo‘lga kiritganmiz. Xudo xohlasa, “So‘g‘diyona” bilan birgalikda yana yaxshi o‘rinlarga ega bo‘lmoqchimiz. Niyatimiz medallardan birini qo‘lga kiritish.
- Yangi jamoangizdagi taassurotlar qanday?
- Hammasi yaxshi. Yaqinda qo‘shildim. Klubdagi futbolchilar ham, murabbiylar ham yaxshi tanish.
- Eshitishimcha, sizni legioner sifatida xorijda ham ko‘rishimiz mumkin edi...
- Ha, legioner bo‘lib o‘ynashim ham mumkin edi. Nasibamiz shu erda ekan, qoldik.
- Ko‘p murabbiylar bilan ishlagansiz. Yorqin Nazarovni qanday farqli tomonlarini ko‘ryapsiz?
- Odamgarchilik sifatida ham, murabbiy sifatida ham yaxshi. Mashg‘ulotlari ham ajoyib va haqiqiy futbolni o‘ynatyapti. Pas orqali ham ishlayapmiz. Har jihatdan ma’qul. Hozirgi hamma talab qilayotgan zamonaviy futbol bu murabbiyda mujassam.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar