Frantsiya Mbappe o‘rniga sardor tanlaydi
Frantsiya terma jamoasi rahbariyati 2026 yilgi jahon chempionati Evropa saralash turniri doirasida 13 oktyabr kuni Rekyavikda bo‘ladigan o‘yinda jamoani maydonga qaysi futbolchi boshlab tushishini hal qilishi kerak.
Islandiya bilan bo‘ladigan uchrashuvda jamoa sardori Kilian Mbappe jarohati bois ishtirok etolmasligi aniq bo‘ldi.
L’Equipe nashrining ma’lum qilishicha, terma jamoada Mbappe o‘rniga sardorlik vakolatini bajarishi mumkin bo‘lgan ikki nomzod bor. “Milan”ning tajribali darvozaboni Mayk Menyan va “Bavariya” himoyachisi Dayo Upamekano terma jamoada Mbappening o‘rinbosarlari hisoblanadi.
Endi Dide Desham boshchiligidagi murabbiylar shtabi bu ikki nomzoddan birini tanlashi kerak. Sardor vazifasini bajaradigan futbolchi ilk daqiqalardan maydonga tushishi talab etiladi.



Fikrlar