
FR: U-20. "Kichik mundial"dagi statistikamiz qanday?
20 may kuni Argentinada 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida 23-jahon chempionati start oladi. Musobaqaning ochilish o‘yinida O‘zbekiston terma jamoasi mezbonlarga qarshi maydonga chiqishidan xabardorsiz. Shu kuni hamyurtlarimiz bu yosh toifasida o‘tkaziladigan mundiallardagi 5-ishtirokini boshlaydi.
Bugun esa oldingi musobaqalarda qayd etgan natijalarimiz, ba’zi qiziqarli raqamlar bilan tanishamiz. Demak, vakillarimiz bungacha ushbu musobaqada 4 bor (BAA-2003, Misr-2009, Turkiya-2013, Yangi Zelandiya-2015) ishtirok etgan.
Dastlabki 2 ishtirokimizda guruhda qolib, 2 bor turnirning chorak finaligacha chiqqanmiz. Hozircha biz etib borgan eng yuqori marra shu bo‘lib turibdi.
Musobaqaning final bosqichida 16 uchrashuv o‘tkazib, ulardan 4tasini g‘alaba bilan yakunlaganmiz. Hisobimizda, shuningdek, 2 durang va 10ta mag‘lubiyat bor. G‘alabalarimiz Yangi Zelandiya, Gretsiya, Fiji va Avstriyaga qarshi o‘yinlarda qo‘lga kiritilgan.
Turnirning final bosqichida 20ta gol urib, 30ta o‘tkazib yuborganmiz. Gollarimizga quyidagi futbolchilar mualliflik qilishgan:
Doston Hamdamov (3), Aleksandr Geynrix (2), Abbosbek Maxsitaliev (2), Igor Sergeev (2), Sardor Rahmonov (2), Eldor Shomurodov (2), Zabihullo O‘rinboev (2), Islom In’omov, Sherzod Karimov, Ivan Nagaev, Diyorjon Turopov, Mirjamol Qosimov.
Musobaqadagi eng yirik g‘alabamiz 3:0 hisobida qo‘lga kiritilgan (Fiji va Yangi Zelandi bilan o‘yinlarda). Eng og‘ir mag‘lubiyatlarimiz esa 4:0 hisobida Urugvay va Frantsiyadan qabul qilib olingan.
Turli mundiallarda terma jamoamiz darvozasiga Andreas Insesta, Andre Ayyu, Rodrigo Bentankur va Pol Pogba singari yulduzlar yo‘l topishgan.
Fikrlar