
FR: Quvvatovni aldash qiyinmi?
Superliganing 10-turida "Buxoro" ustidan irodali g‘alabaga erishgan "Paxtakor" musobaqa jadvalidagi karvonboshilikni saqlab qoldi. Ammo bu bahsda 3 ochko olish "sherlar" uchun oson bo‘lgani yo‘q. O‘yindagi eng asosiy epizod hakam tomonidan qo‘shib berilgan 12-daqiqada ro‘y berdi. Aniqroq aytsak, Sanjar Quvvatov darvozasi tomon belgilangan penaltini bartaraf qilib, mezbonlar joniga oro kirdi.
E’tiborli jihati, "Paxtakor" posboni bu mavsumda 11 metrli duellarda 3 marta g‘alaba qozongan birinchi kiperga aylandi. Shu tufayli 33 yoshli darvozabon penaltilarda qanday harakat qilayotganini o‘rganib chiqdik.
Buning uchun Quvvatov darvozasi tomon tepilgan oxirgi 12ta penaltini qayta ko‘rib chiqishimizga to‘g‘ri keldi. Va anglashildiki, "Paxtakor" posboni 11 metrli duellarda tavakkal qilishni yoqtirmaydi. U asosan to‘p tepilishini kutib, uning yo‘nalishiga qarab otiladi (boshqa hamkasblariga nisbatan ixchamroq jussasi va kuchli reaksiya unga shunday imkoniyat beryapti).
E’tibor qiling, Quvvatov 12 penaltidan 10tasida to‘p yo‘nalishini topgan (tavakkalchilik bilan bunday natijaga erishib bo‘lmaydi). Natijada, 10ta zarbaning 7tasini qaytardi. Oxirgi 3 yilda faqatgina Zabihullo O‘rinboev bilan Ruben Sanchez o‘zaro duelda Sanjarni alday olishdi.
Quvvatov yo‘nalishini topib ham, qaytara olmagan 3 zarbaga e’tibor qilsak, ularning barchasi davrozaning qaysidir burchagiga kuchli zarb bilan tepilgani ko‘rinadi. Aslida mana shu "Paxtakor" darvozaboni bilan duellarni yutishning yagona yo‘lidir.
Xullas, 11 metrli nuqtada Sanjar Quvvatovni aldashga urinish eng katta xato. U aksar hollarda sizni kutadi. Agar penaltidan unumli foydalanmoqchi bo‘lsangiz, to‘pni darvozaning qaysidir burchagiga iloji boricha kuchliroq tepishingiz kerak. Xuddi Temurxo‘ja Abduxoliqov 3-turda qilganidek...
Fikrlar