
FR: "Paxtakor", Norsafarov va Cheran...
"Paxtakor" 2:1 "Navbahor" o‘yinidan keyin ma’lum muddatga VARdan chetlatilgan Firdavs Norsafarov 4-turda "sherlar"ning "Metallurg"ga qarshi bahsiga tayinlanishi jamoatchilikda jiddiy e’tirozlarni paydo qildi. Qarshilik hakamga amaldagi chempionning dushmani sifatida qarash boshlandi. Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Bu savolga javob topish maqsadida u boshqargan "Paxtakor" ishtirokidagi o‘yinlarga qarab chiqamiz.
Bilasizmi, Norsafarovning karerasida Toshkent klubi alohida o‘rin tutadi. Chunki uning faoliyatidagi unutilmas onlardan hisoblanmish O‘zbekiston chempionatidagi debyuti aynan "sherlar" ishtirokidagi o‘yinga to‘g‘ri keladi. Bu voqea 2019 yilgi mavsumning 12-turida ro‘y bergan bo‘lib, o‘sha kuni "Paxtakor" "Qizilqum" darvozasiga javobsiz 8ta to‘p kiritgan edi.
Keyinchalik Firdavs mazkur jamoa ishtirokidagi yana 8ta o‘yinni boshqardi va ulardan hech birida "sherlar" mag‘lub bo‘lgani yo‘q:
2019 yil
12-tur. "Paxtakor" 8:0 "Qizilqum"
18-tur. "Paxtakor" 5:1 "Andijon"
2020 yil
2-tur. "Paxtakor" 3:0 "Buxoro"
6-tur. "Qizilqum" 0:2 "Paxtakor"
2021 yil
5-tur. "Navbahor" 1:2 "Paxtakor"
22-tur. "Paxtakor" 4:2 "Qizilqum"
2022 yil
6-tur. "Paxtakor" 0:0 OKMK
18-tur. "Paxtakor" 2:1 "Metallurg"
2023 yil
4-tur. "Metallurg" 1:3 "Paxtakor"...
Xullas, Norsafarov boshqargan 9 o‘yinning 8tasida "sherlar"ning qo‘li baland kelgan. To‘plar nisbati: 29-6. Shunday bahslarda jamoa foydasiga 8, zarariga 2 bor penalti belgilangan. Shu jihatdan qaralsa, 29 yoshli FIFA referisi "Paxtakor" uchun tarixdagi eng omadli hakamlardan biri hisoblanadi. Hatto, poytaxt klubi 2021 yilgi mavsum chempionligini aynan Firdavs boshqargan va "Qizilqum" darvozasi tomon noto‘g‘ri penalti qo‘yilgan bahsda qo‘lga kiritgan edi...
Materialni yana bir qiziqarli fakt bilan yakunlaymiz. Statistikani tekshirsangiz, Dragan Cheran Norsafarov ishlaydigan o‘yinlarga alohida tayyorgarlanib kelishi oshkor bo‘ladi. U 29 yoshli referi boshqargan 8 o‘yinda maydonga chiqib, 16ta gol urgan. Dahshat!
Faxriddin Ro‘ziev
Fikrlar