
FR: "Neftchi" "Buxoro"ni qachon yutgan edi?
Superliganing 7-turiga start berildi. Bugun musobaqada karvonboshilik qilayotgan klublarning har ikkisi qoqildi. Dastlab, "Bunyodkor" Toshkentda "Surxon"ga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, "Neftchi" Buxorodan 1 ochko bilan qaytyapti.
Turnir jadvalidagi holat va jamoalar ko‘rsatayotgan o‘yin inobatga olinsa, ikkala natija ham sensatsiya sifatida baholanishi mumkin. Ammo statistika boshqacha "gapiryapti", xususan, 2-o‘yin haqida.
"Buxoro" O‘zbekiston chempionati doirasida 53-bor "Neftchi" bilan to‘qnashdi. To‘g‘ri, o‘zaro o‘yinlar tarixidagi mutlaq ustunlik farg‘onaliklar tomonida: 34-15 (4 durang). Ammo "cho‘l jangchilari" so‘nggi yillarda vodiy klubi uchun eng noqulay raqibga aylanib bo‘lgan edi.
Fakt: "Neftchi" Superliga doirasidagi qatorasiga 8-o‘yinda ham bugungi raqibini yuta olmadi. Qo‘shimchasiga, mazkur uchrashuvlarning 6tasi farg‘onaliklarning mag‘lubiyati bilan tugagan.
Umuman olganda, Farg‘ona klubi "Buxoro"ni so‘nggi bor 2015 yilgi mavsumning birinchi davrasida yutgan edi. O‘shanda Zokir Qodirov boshqargan bahs taqdirini afsonaviy Akmal Xolmatovning yagona goli hal qilgan.
"Neftchi"ning "Buxoro" ustidan safarda qo‘lga kiritilgan so‘nggi g‘alabasini eslaydigan bo‘lsak, o‘tmishga chuqurroq kirishimizga to‘g‘ri keladi. Bu voqea 2011 yilgi mavsumning dastlabki davrasida yuz bergan bo‘lib, Yuriy Sarkisyan jamoasi Baxtiyor Yoqubovning yagona goli evaziga zafar quchgan edi. E’tiborli jihati, bugungi o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan Jasur Hasanov o‘sha bahsda ham 90 daqiqa harakatlangan edi.
Xullas, "Neftchi"ning chempionatdagi eng omadsiz seriyasi "Buxoro"ga qarshi qayd etilmoqda. Endi Vitaliy Levchenko bu an’anani buzishga 2-davrada takroran harakat qilib ko‘radi.
Fikrlar