
FR: "Andijon" forvardi hakamdan uzr so‘radimi?
Superliganing 2-tur bahslari davom etadi. "Paxtakor" stadioni mezbonlik qilgan "Surxon" 1:0 "Andijon" bahsidagi hakamlik jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Dastlab, "burgutlar" matbuot xizmati o‘z noroziligini bildirgan bo‘lsa, bugun vodiylik muxlislar Rahimbek Karimov futbolni tark etishini talab qilishmoqda. Vaziyat rostan ham shunchalik jiddiymidi? Hozir shu savolga birgalikda javob izlab ko‘ramiz.
Uchrashuv davomida 3ta bahsli vaziyat yuzaga keldi: ikkala qizil kartochka va bekor qilingan gol. Bu borada tajribali hakamlarimizdan biriga murojaat qilib, barcha epizodlarni tahlil qildik.
1) Arveladzening chetlatilishi. 53-daqiqada ro‘y bergan vaziyatda "Andijon" himoyachisi to‘pni yo‘qotib qo‘ygach darvozabon bilan yuzma-yuz vaziyatga chiqib ketayotgan Nuriddin Hasanovni qo‘pollik bilan to‘xtatib qoldi. Bu so‘nggi umid foli hisoblanadi. Shu tufayli referining qarori to‘g‘ri bo‘lgan.
2) Mamatkazinning bekor qilingan goli. Bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramasdan, hisob mezbonlar tomonidan ochilgan edi. Gol avvaliga inobatga olindi. Vaziyatga VAR (Aziz Asimov hamda Alisher Usmonov) aralashganidan keyin Karimov videotakror yordamidan foydalandi va o‘yindan tashqari holatni qayd qildi. Translyatsiyada namoyish qilingan sifatsiz kadr orqali vaziyatga 100 foizlik xulosa berib bo‘lmaydi. Lekin VAR offsayd chizig‘ini chizishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygani aniq. Bizga ko‘rsatilgan stop-kadrda "Surxon" himoyachisining oyog‘i chiziq tashqarisida qolib ketgani ko‘rinyapti. Bu to‘g‘ri bo‘lsa, hakamlar brigadasi "Andijon"ni 1, ehtimol, 3 ochkodan mahrum qilgan bo‘ladi.
3) 2-chetlatish. O‘yinning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘nggisi o‘tib borayotgan pallada Rubin Xebay hujumdadagi qo‘polligi uchun ogohlantirildi. "Andijon" hujumchisi hakamga e’tirozlarini bayon qilib, ortiga qaytayotgan paytida referi tomonidan 2-bor jazolandi. Odatda o‘yinchi kimnidir haqorat qilsa, shunday jazoga duchor bo‘ladi...
Ammo albaniyalik legioner klub matbuot xizmatiga hech qanday yomon gap ishlatmagani, o‘z ona tilida gapirganini aytdi. Rahimbek Karimov esa Xebay ingliz tilida uning nafsoniyatiga "hujum" qilgani va o‘yindan keyin o‘z harakati uchun uzr so‘rashga kelganini ta’kidlayapti (buni hakamlar brigadasi tasdiqladi). Ya’ni, bitta vaziyat uchun 2 tomondan 2 xil fikr chiqyapti. Tabiiyki, ulardan biri yolg‘on. Holat tez orada O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqiladi.
Agar yuqoridagi tahlilimiz to‘g‘ri bo‘lsa, hakamlar jamoasi o‘yin natijasiga ta’sir qilgan bo‘ladi. Bunday xatolar kodeks bo‘yicha jiddiy jazolanishi kerak. Shu bo‘yicha ma’lumot olish maqsadida O‘zFHM direktori bilan bog‘landik.
"Uchrashuvdan keyin "Andijon" tomonidan bitta vaziyat uchun e’tiroz bildirildi. Vodiy klubi faqat oxirgi chetlatish bo‘yicha protest kiritdi. Shunga qaramay, O‘zFHM barcha bahsli vaziyatlarni o‘rganib, komissiya xulosasini e’lon qiladi. Agar referilar xatoga yo‘l qo‘ygani tasdiqlansa, aybdorlar ma’lum tartibda jazo oladi. Qonun barcha uchun barobar", — deydi Laziz Qo‘chqorov.
Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz...
Faxriddin Ro‘ziev
Fikrlar