FIFA va OFKning "erkatoylari" saralashning 4-bosqichiga mezbonlik qiladi
OFK Jahon chempionati saralashi 4-bosqich o‘yinlari Qatar va Saudiya Arabistonida o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Bunga ushbu bosqichda ishtirok etuvchi boshqa terma jamoalar e’tiroz bildirdi. Xususan, BAA, Indoneziya va O‘mon shular jumlasidandir. Gap shundaki, so‘nggi paytlarda Qatar va Saudiya Arabistoni turnirlar mezbonligi borasida ancha faol. Bundan tashqari, mazkur mamlakatlarning OFK hamda FIFA bilan munosabatlari ham ancha yaxshi holatda.
Mazkur qarorga e’tiroz bildirgan terma jamoalar FIFA va OFKdan tanlovni shaffoflik bilan amalga oshirishni talab qilgan. Biroq OFK yakunda o‘z qarorini o‘zgartirmadi.
Osiyo mintaqasida 4-saralash bosqichi o‘yinlari 8-14 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda jami 6 ta terma jamoa (Indoneziya, Iroq, O‘mon, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari) ishtirok etadi.
Ushbu bosqichda 6 ta terma jamoa jami 2.5 yo‘llanma uchun 2 guruhga bo‘lingan holda, kurash olib boradi. O‘z guruhida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan terma jamoalar Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Bundan tashqari, o‘z guruhlarida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan terma jamoalar o‘zaro o‘yin o‘tkazadi va mazkur uchrashuv g‘olibi qit’alararo pley-offga yo‘l oladi. Xo‘sh, qit’alararo pley-off nima o‘zi?
Ushbu kichik "turnir" 23-31 mart kuni o‘tkaziladi va unda 6 ta terma jamoa ishtirok etadi (KONKAKAFdan 2 ta, KONMEBOL, OFK (Osiyo), KAF va OFKdan (Okeaniya) bittadan terma jamoalar ishtirok etadi. FIFA reytinggida yuqori o‘rinda bo‘lgan ikki terma to‘g‘ridan-to‘g‘ri finalda o‘z raqiblarini kutsa, qolgan 4 ta terma jamoa yarim finalda ishtirok etadi. Final bahslari g‘oliblari esa Jahon chempionatiga so‘nggi ikki yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Karim Xudayqulov



Fikrlar