FIA Awards tarixi va yorqin lahzalari
Yillar davomida FIA Awards marosimi avtomobil sporti dunyosidagi eng nufuzli yillik tadbirlardan biriga aylandi. Aynan shu erda mavsum yakunlari rasmiy tarzda sarhisob qilinadi hamda Formula-1, ralli, karting va uzoq masofaga yugurish poygalari kabi turli yo‘nalishlarda eng yuqori natijalarga erishgan sportchilar va jamoalarga chempionlik mukofotlari topshiriladi.
Gala-kechani o‘tkazish an’anasi 2003 yildan boshlanadi. O‘sha yili FIA jahon chempionlarini birlashtirgan yagona tantanali marosimni ilk bor tashkil etdi. Shundan buyon FIA Awards har yili jahon avtomobil sportining etakchi vakillarini jamlab keladi; tadbir geografiyasi esa Parij, Versal, Istanbul, Monako, Vena, Sankt-Peterburg, Bolonya, Boku, Kigali va boshqa ko‘plab shaharlarda o‘tkazilgan.
Turli yillarda FIA Awards sahnasiga Formula-1, Ralli, Karting, WEC kabi yo‘nalishlarda tarixga kirgan eng nufuzli chempionlar ko‘tarilgan —Mixael Shumaxer, Sebastyan Fettel, Lyuis Xemilton, Maks Ferstappen, Sebastyan Oje, Tom Kristensen, Sebastyan Leb, Yoxan Kristoffersson, Kirill Kutskov va boshqalar.
Asosiy chempionlik mukofotlaridan tashqari, marosim FIA qadriyatlarini aks ettiruvchi maxsus nominatsiyalarni ham o‘z ichiga oladi. Masalan, 2013 yildan buyon "Action of the Year" — mavsumning eng tomoshabop lahzasi uchun beriladigan mukofot topshiriladi. Turli yillarda bu sovringa Fernando Alonso, Daniel Rikkardo va Sharl Lekler munosib deb topilgan.
Avtomobil sportini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun beriladigan mukofotlar ham alohida e’tiborga loyiq. Yillar davomida ushbu sahnada Jan Todt, Berni Ekklstoun, Niki Lauda kabi poyga yo‘llaridan tashqarida ham ulkan meros qoldirgan shaxslar taqdirlangan.
FIA Awards tarixi nafaqat avtomobil sportining evolyutsiyasini, balki uning madaniy ahamiyatini ham namoyish etadi.
2025 yilda Toshkent ushbu nufuzli shaharlardan biriga qo‘shilib, FIA Awards'ga mezbonlik qiladigan navbatdagi markazga aylanadi. O‘zbekiston poytaxtiga karting, ralli, ralli-reydlar, kuzovli seriyalar, uzoq masofaga yugurish poygalari va, albatta, Formula-1 kabi barcha asosiy yo‘nalishlarning jahon chempionlari tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu yil sahnaga kimlar chiqishi esa mavsum yakunlangach rasmiy tarzda ma’lum bo‘ladi.
Manba: National Autosport & Karting Federation of Uzbekistan



Fikrlar