
Fevzi Davletov: "0:2 dan keyin biroz xotirjamlikka berildik"
O‘zbekiston Kubogi “B” guruhidagi “Andijon” – “Surxon” (2:3) uchrashuvidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Fevzi Davletov qatnashdi.
- Tig‘iz taqvim bor edi. Shu sababli o‘yinni yaxshi boshlashga harakat qildik. Dastlabki 15 daqiqasi davomida hujumkor o‘yin ko‘rsatdik. Hisob 0:2 bo‘lgach, biroz xotirjamlikka berildik. Ozgina e’tiborsizligimiz sababli standartdan gol o‘tkazib yubordik. Bir qator kamchiliklarimiz ko‘zga ko‘rindi. Biz hali bu vaziyatlar bo‘yicha ko‘p ishlashimiz kerakligi ko‘rinib turibdi. Tanaffus paytida kerakli ko‘rsatmalarni berdik. Ba’zi vaziyatlarda hujumda ham, himoyada ham kamchiliklarimiz bo‘ldi. Lekin umumiy ma’noda aytganda, barchasi biz uchun foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman.
- “Surxon” 1:2 hisobida oldinda borayotganida chuqur himoyaga o‘tdi. Bu borada nima deysiz?
- Vaziyatlarni ushlash haqida ko‘rsatmalar berilgandi. Ayniqsa, tanaffusda ham markaziy himoyachilar diqqatliroq bo‘lishlari haqida aytgandik. Ikkinchi golni aynan markaziy himoyachilarning e’tiborsizligi sababli o‘tkazib yubordik. Shunday bo‘lsa-da, safardagi qo‘lga kiritilgan natijani yaxshi deb o‘ylayman.
- Guruhda “Dinamo” bilan “Lochin” ham bor. Ularga qarshi qanday taktikada o‘ynaysiz? Yoki yana tarkibda rotatsiyalar amalga oshiriladimi?
- Albatta, rotatsiya qilamiz. O‘ylaymanki, bizni yana oldinda qiziq o‘yinlar kutib turibdi. Avval tiklanish jarayonini o‘tkazish va yaxshi tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
- Muhammad Ali Abdurahmonov raqobatda Haydarovni yutib chiqyapti va o‘zini ko‘rsatmoqda. U haqida fikringiz qanday?
- Mavsum boshida Haydarov biz bilan emasdi. Jarohat bois ancha vaqtni o‘tkazib yubordi. Shuning uchun hozir biroz formasida emas. Abdurahmonov esa aksincha barcha yig‘inlarda yaxshi qatnashdi va yaxshi sport formasida. U to‘xtamasdan mehnat qilmoqda.
Fikrlar