
Fayzullaevni grand klub olib ketadi!
Faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi kutilayotgan iste’dodli o‘yinchilarimizdan biri 21 yoshli Abbosbek Fayzullaev hisoblanadi.
Hujumkor futbolchimiz 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tib, Rossiya maydonlarida porlay boshlaganidan keyin uning Evropa top-klublariga o‘tishi tinmay muhokama qilinmoqda.
Rossiyalik mutaxassislar orasida Abbosbek Fayzullaevning o‘yinini yuqori baholab, kuchli ligalarda o‘ynab ketishiga ishonayotgan mutaxassislar ko‘p.
Biroq qiziq tomoni shundaki, legionerimizning jismonan ixcham o‘yinchi ekanini birinchi o‘ringa qo‘yib, uning imkoniyatlariga shubha bilan qarayotganlar ham topilmoqda.
Sports.uz portali Rossiya futboli mutaxassislarining Abbosbek Fayzullaevga bergan ikki xil bahosini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
Roman Shishkin, “Spartak” Moskva jamoasi sobiq futbolchisi:
Bu mavsum kashfiyoti kim? Menga TsSKAdagi Abbosbek Fayzullaev juda yoqadi. Lekin uni aynan bu mavsumning kashfiyoti, deb bo‘lmaydi. Fayzullaevni tez orada grand klublarning biri olib ketadi.
Abbosbek Fayzullaev boshqa futbolchilar orasida o‘z o‘yinlari bilan yaqqol ajralib turibdi.
Bu mavsum kashfiyoti esa, Batrakov bo‘ldi. Umuman olganda, har bir jamoada yaxshi o‘ynayotgan o‘z etakchi o‘yinchilari bor.
Vladimir Ponomaryov, TsSKA sobiq futbolchisi:
Meni TsSKA hujum chizig‘ini kuchaytiradigan o‘yinchi olmayotgani xavotirga solyapti. Markazga pas uzata oladigan qanot hujumchilari kerak. Darvoza oldiga o‘rtadan kirib bo‘lmaydi, shu bois qanot hujumchilari kerak. Qolgan pozitsiyalar joyida.
Tamerlan Musaev oldingi chiziqda sal ko‘zga tashlandi. Ivan Oblyakov yaxshi o‘ynaydi, lekin unga har doim nimadir etishmaydi. Fayzullaev hujumda yaxshi harakat qiladi deyilyapti. Ha, shunday, lekin u juda engil o‘ynaydi.
Hozir hamma Abbosdan hayratlanyapti. U hech qanday ko‘rsatmalar bo‘lmagan ko‘cha futbolini namoyish qilyapti. To‘g‘ri kelgan tomonga qarab yugurib ketaveradi. Biroq driblingi juda yaxshi. To‘p bilan yugura oladi. Jismoniy imkoniyati tugasa, Fayzullaev ham tamom bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullaev uchun 2024 yil muvaffaqiyatli bo‘ldi. Legionerimiz Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi, O‘zbekistonda yil futbolchisi sovrinlari bilan taqdirlandi. TsSKA rahbariyati uning mehnatlarini inobatga olib, shartnomani yangilamagan holda, maoshini sezilarli darajada ko‘tardi.
Fayzullaev joriy mavsumda 23 ta uchrashuvda uchta gol va oltita assist muallifi bo‘ldi. Transfermarkt portali hamyurtimizning transfer summasini 8 million evroga ko‘tardi.
Fikrlar