
Fayzullaevni 60 million evrolik yulduzga tenglashtirishdi
Rossiya Premer-ligasi klublari mavsumning ikkinchi yarmiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mart oyining boshidan chempionatning 19-tur uchrashuvlariga start beriladi.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari birinchi navbatda Moskvaning TsSKA klubi va uning 20 yoshli etakchisi Abbosbek Fayzullaevga ga muxlislik qiladi. Shuningdek, ikki nafar legionerimiz – Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliev to‘p tepayotgan Qozonning “Rubin” jamoasi ham muxlislarimiz e’tiborida bo‘ladi.
Chempionatning birinchi yarmida biz muxlislik qiladigan har ikki klub ham 28 tadan ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida ketma-ket ettinchi va sakkizinchi pog‘onalarni egallagan. Premer-liganing qolgan o‘yinlarida ular ko‘proq ochko jamg‘arib, imkon qadar yuqori ko‘tarilishga urinib ko‘radi.
Ko‘pchilikni mavsumning birinchi qismida asosiy kashfiyot sifatida e’tirof etilgan Abbosbek Fayzullaev chempionatning qolgan o‘yinlarini qay darajada o‘tkazishi qiziqtirmoqda. Legionerimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Qatardagi Osiyo kubogida qatnashgani sababli TsSKAning uchta xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidan ikkitasida ishtirok eta olmadi.
Fayzullaevning o‘zi tayyorgarlik borasida klub matbuot xizmatiga o‘z fikr mulohazalarini bildirib o‘tdi.
- Men jamoa yig‘inlariga kechroq qo‘shildim. Osiyo kubogidan keyin bir necha kun dam oldim. Sekin-asta sport formamni tiklab olyapman. Chempionat boshlangunicha tayyor bo‘laman, deb o‘ylayman, - dedi Abbosbek Fayzullaev.
Shu o‘rinda, Rossiya futbol jamoatchiligining taniqli ekspertlari Abbosbek Fayzullaevning imkoniyatlarini baholashda davom etyapti.
Rossiya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Boris Ignatev o‘zbek futbolchisini Premer-liga tarixidagi eng zo‘r o‘yinchilardan biri, keyingi yillarda “Zenit”ning ketma-ket chempionligiga munosib hissa qo‘shgan braziliyalik Malkomga qiyosladi.
- TsSKA klubi Abbosbek Fayzullaevni oldi. Bu transfer uchun “Zenit” Malkomga to‘laganchalik katta mablag‘ sarflagani yo‘q.
Lekin men Fayzullaevning Malkomdan kam joyi borligini ko‘rganim yo‘q. Bu haqiqatan jiddiy transfer bo‘ldi. Klub professional darajada ishladi, - dedi Boris Ignatev.
“Zenit” klubi 2019 yili Malkom uchun “Barselona”ga 41,5 million evro to‘lagan edi. Piterliklarning haqiqiy etakchisiga aylangan braziliyalik hujumchi o‘tgan yoz Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” jamoasiga 60 million evroga transfer qilindi.
TsSKA o‘tgan yili avgustda Abbosbek Fayzullaevni “Paxtakor”dan 500 ming evroga transfer qildi. Qisqa fursat ichida legionerimizning transfer summasi bir necha baravar oshdi. Qatardagi Osiyo chempionatidan keyin Abbosning transfer narxiga yana bir millionga qimmatga qimmatlab, jami 5 million evroni tashkil qilmoqda.
TsSKA 2024 yildagi ilk rasmiy uchrashuvini chempionatning 19-turi doirasida “Orenburg” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. O‘yin 2 mart kuni Toshkent vaqti bilan 16:00 da boshlanadi.
Fikrlar