
Fayzullaev nega zo‘r o‘ynay olmayotgani sababini aytishdi!
Abbosbek Fayzullaev o‘tgan yili avgust oyida “Paxtakor”dan Premer-liga vakili Moskvaning TsSKA klubiga ko‘chib o‘tganida Rossiya futboliga tanish emasdi.
Hujumkor futbolchimiz qisqa fursatda “armiyachilar”ning asosiy o‘yinchisiga aylandi. Jamoaning hujumlari aynan o‘zbek legioneri orqali tashkil etildi. TsSKA Premer-ligada eng ko‘p gol urgan jamoaga aylandi.
20 yoshli hamyurtimiz chempionat va kubok musobaqalarida jami 32 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini besh marotaba ishg‘ol qildi, jamoadoshlariga 14 ta golli pas uzatdi. Yuqori samaradorlik, mazmunli o‘yin, etakchilik qobiliyati tufayli Abbos Rossiya Premer-ligasining asosiy kashfiyoti bo‘ldi.
Yangi mavsumda muxlisu mutaxassislar Fayzullaevdan yanada yorqin o‘yin kutmoqda. Biroq bu gal hamyurtimiz avvalgidek sermahsul o‘yin namoyish qila olmayapti. Premer-ligada oltita va kubokda ikkita uchrashuvda maydonga tushgan Abbosbek bir juft assistni amalga oshirdi xolos.
Rossiya terma jamoasi va TsSKAning sobiq futbolchisi Evgeniy Aldonin Fayzullaevga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaslik lozimligini, Abbos yana yuqori saviyada o‘ynashga qodirligini ta’kidlamoqda.
- Abbosbekning mavsumoldi tayyorgarligi puxta bo‘lgani yo‘q. Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki tufayli TsSKA bilan deyarli shug‘ullanmadi hisob.
Bundan tashqari, Fayzullaev o‘ziga bo‘lgan talabni bir pog‘ona ko‘tardi va hozircha bu darajaga etishishi qiyin kechmoqda.
U hali yosh futbolchi va uning yoshida o‘yinida pasayishlar bo‘lishi tabiiy hol hisoblanadi. Men Abbos yana yuqori sport formasini tiklab olib, zo‘r o‘yin ko‘rsatishiga aminman.
Agar Abbosbek o‘yin tempiga tushib olsa, salomatligi pand bermasa, mavsumning ikkinchi yarmida undan juda ko‘p narsa kutsa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Uning futbol tafakkuri yaxshi shakllangan va shu bois, asosiy masala jismoniy tayyorgarlik va holatga bog‘liq bo‘ladi, - dedi Evgeniy Aldonin.
Darhaqiqat, TsSKA joriy mavsumda chempionlik uchun kurashishi kutilgan edi. Ana shu maqsadda bosh murabbiylikka serbiyalik mutaxassis Marko Nikolich taklif etildi.
Biroq jamoa o‘yinida sezilarli o‘sish bo‘lgani yo‘q. “Armiyachilar” chempionatda sakkizta uchrashuvdan teng yarmida ochko yo‘qotdi. Ayniqsa, ular yuqori o‘rinlar uchun kurashdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblari – “Krasnodar”, “Lokomotiv” va “Zenit”ga imkoniyatni boy bergani jamoaga ancha qimmatga tushdi.
TsSKAning hujumkorligi ko‘p jihatdan Abbosbek Fayzullaevning o‘yiniga bog‘liq bo‘lgani uchun muvaffaqiyatsizliklardan keyin legionerimizni tanqid qilganlar ham bo‘ldi.
Moskvalik “armiyachilar” navbatdagi uchrashuvni Rossiya kubogi doirasida 18 sentyabr kuni “Krasnodar”ga qarshi o‘tkazadi. Premer-ligadagi navbatdagi tur o‘yinida TsSKA 21 sentyabrda “Rubin” jamoasi mehmoni bo‘ladi.
Ana xolos: “Roma”ni Shomurodovni yaxshi ko‘radigan murabbiy boshqarishi mumkin!
Fikrlar