
Fayzullaev charchadi...
Yangi chempionatda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilishi kutilayotgan TsSKA jamoasi etakchisi Abbosbek Fayzullaev uchun mavsum og‘ir boshlandi.
20 yoshli hujumkor o‘yinchimiz yuqori sport formasiga chiqishga qiynaldi. Bir nechta uchrashuvda samarali harakatlarni amalga oshira olmadi. “Armiyachilar”ning oldingi chiziqdagi sermahsulligi kreativ legionerimizga bog‘liq ekanligi tufayli Fayzullaevning o‘yinidagi pasayish umumiy natijaga ham ta’sir qildi.
Futbolchilik davrida TsSKAda o‘ynagan va hozir futbol eksperti sifatida o‘z qarashlariga ega bo‘lgan Valeriy Masalitin o‘zbekistonlik charm to‘p ustasining hozirgi holatini quyidagicha baholadi.
- Abbosbek Fayzullaev TsSKAga ko‘chib o‘tganidan beri muntazam terma jamoa yig‘inlariga borishiga to‘g‘ri kelmoqda. U hali etarli darajada dam olgani yo‘q, har doim tonusda yurishiga to‘g‘ri kelyapti.
Yozgi Olimpiya o‘yinlaridan keyin Abbosga yaxshilab hordiq chiqarishi uchun hech bo‘lmaganda 2-3 hafta vaqt berish kerak edi. Keyin uning jismoniy holatini yaxshilash bo‘yicha ish olib borish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Lekin bunday qilinmadi.
Fayzullaev hali yosh, bunday og‘ir yuklamalarni ko‘tara oladi, lekin baribir charchoq borligi sezilib turibdi. O‘zbek futbolchisining o‘yinida avvalgi engillik yo‘qoldi, unga xos bo‘lmagan ortiqcha harakatlar paydo bo‘ldi. Bu toliqish borligidan dalolat beradi. Abbos birinchi navbatda psixologik tomondan o‘zini tiklab olishi kerak, - dedi Valeriy Masalitin.
Yaqinda Rossiya kubogi guruh bosqichida TsSKA futbolchilari Abbosbek Fayzullaevning ikkita golli pasi tufayli hali engilmagan “Krasnodar”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu bellashuvda legionerimiz formasini tiklab borayotganini ko‘rsatdi.
Bahsda hamyurtimizga qarshi o‘ynagan “Krasnodar” tarkibidagi Urugvay terma jamoasi himoyachisi Lukas Olasa ham Fayzullaev harakatlariga baho berdi.
- TsSKA va “Krasnodar” uchrashuvida Abbosbek Fayzullaev ancha yaxshi o‘ynadi. Lekin u menga ko‘p va jiddiy muammo tug‘dirdi, deb ayta olmayman. TsSKA gol urganidan keyin hisobni ushlab qolishga e’tibor qaratdi, - dedi Lukas Olasa.
Abbosbek Fayzullaevning o‘zi joriy mavsumdan umidi katta ekanini aytmoqda.
- Biz Rossiya kubogida ham, Premer-ligada ham chempionlik uchun kurashamiz. Tarkibimiz bu ishni uddalashga loyiq darajada. Oxirgi uchrashuvlarda harakatlarimiz ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda, o‘yinimiz yaxshi o‘xshayapti.
Avval ayrim uchrashuvlarda hal qiluvchi pallalarda hujumni samarali yakunlab, gol urolmayotgan edi. Bu kamchilik ustida har bir mashg‘ulotda ishlayapmiz. Hujumdan tashqari, himoyamiz ham kuchli, himoyachilarimiz ham gol urishni biladi, - dedi Abbosbek Fayzullaev.
Abbosbek Fayzullaev TsSKAga “Paxtakor”dan 2023 yilning avgustida transfer qilingan. Shundan beri “armiyachilar” safida barcha turnirlarda jami 43 ta uchrashuv o‘tkazib, beshta gol va 18 ta assist qayd etdi va to‘rt marotaba sariq kartochka oldi.
Legionerimizning Moskva klubi bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yarmigacha tuzilgan. Tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra, hamkorlikni yana bir mavsum uzaytirish huquqiga ega.
Fikrlar