
Fayzullaev: “Barselona”da o‘ynamoqchiman!
Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasida yana tur qahramonlaridan bo‘ldi. TsSKA futbolchilari o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida Moskvaning “Dinamo” jamoasini qabul qilgan uchrashuvda legionerimiz gol va assist qayd etdi.
Ushbu bahsda “armiyachilar” 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Biroq eng yaxshi o‘yinchilardan bo‘lgan Abbosbek Fayzullaev rossiyalik jurnalistlarga nishon bo‘ldi va ularning bir necha savollariga javob berdi.
— “Dinamo” bilan ochiq o‘yin bo‘ldi. Har ikki jamoa tomonidan juda ko‘p hujumlar uyushtirildi. Biz o‘z ustimizda ko‘proq ishlashimiz kerak.
“Dinamo” juda yaxshi jamoa. Futbolchilari individual jihatdan ancha kuchli.
Biz har bir uchrashuvda g‘alaba uchun o‘ynaymiz.
— O‘yin oxirida TsSKAning o‘yini pasayishi nima bilan bog‘liq?
— Hech narsa bilan bog‘liq emas. O‘yinda yutar ekansan, hisobni ushlab qolishing kerak. Katta kuch bilan hujumga o‘tib, himoya chizig‘ida raqibga katta hududlarni berib qo‘yish yaramaydi.
— O‘yin oxiridagi pasayishlarni konsentratsiya bilan bog‘lash mumkinmi?
— Biz himoyalanish borasida ko‘proq ishlashimiz kerak. Himoya esa, hujum chizig‘idan boshlanadi.
— O‘z samaradorligingdan qoniqyapsanmi?
— Men, eng avvalo, jamoam g‘alaba qozonishini istayman.
— Kelajakda qaysi jamoada o‘ynashni istaysan?
— “Barselona”da.
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullaev avvalgi intervyularida maqsadi Evropaning eng kuchli ligalarida o‘ynash ekanini ta’kidlagan.
20 yoshli futbolchimiz bolaligidan “Barselona” va Lionel Messining muxlisi ekani, kelajakda “Kamp Nou”da o‘ynashni orzu qilishini ham yashirmagan edi. Bundan tashqari, Abbosbek o‘zini Lionel Messiga qiyoslashlariga ham munosabat bildirdi.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullaev professional faoliyati davomida O‘zbekiston Superligasi, mamlakat kubogi, Osiyo Chempionlar ligasi, Rossiya Premer-ligasi va kubogi musobaqalarida jami 56 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga o‘n ikkita gol va o‘nta assist rasmiylashtirgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasida Fayzullaev ettita o‘yinda qatnashgan va o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan.
Fayzullaevning TsSKA bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha tuzilgan. Tomonlar o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkin.
Fikrlar