Farerlik futbolchilar shov-shuv ko‘tardi
2026 yilgi jahon chempionati Evropa mintaqasi saralash turnirida Farer orollari milliy terma jamoasi qayd etayotgan natijalar hamma hayratga sola boshladi.
Bu terma jamoa saralash guruhining sakkizinchi turida Chexiya futbolchilari bilan kuch sinashib, muhim uchrashuvda 2:1 hisobida zafar quchdi.
Bahsning 67-daqiqasida mezbonlar vakili Xanus Syorensen hisobni ochgan bo‘lsa, chexiyaliklar Adam Karabetsning aniq zarbasi evaziga 78-daqiqada vaziyatni tenglashtirdi. Lekin mehmonlarning xursandchiligi uzoq cho‘zilmadi.
Hisob tenglashganidan uch daqiqa o‘tib, Farer orollari terma jamoasi himoyachisi Martin Agnasson g‘alaba to‘pini kiritdi.
Farerliklar shu tariqa o‘z tarixida ilk bor ketma-ket uchta o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi. Avvalgi turlarda bosh murabbiy Eydun Klaksteyn shogirdlari Chernogoriyani 4:0 va Gibraltarni 1:0 hisobida enggan edi.
Ayni paytda Farer orollari terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatining mintaqaviy saralash turnirida L guruhida 12 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.



Fikrlar