
Evropani ko‘zlagan Umarovning o‘yiniga agentlar to‘sqinlik qilyapti!
Shahboz Umarovning jamoasi BATE so‘nggi sovrini o‘tgan yili qo‘lga kiritib, Belarus kubogi finalida g‘olib chiqqan edi. O‘sha bellashuvda faol o‘ynagan hamyurtimiz g‘alabaga munosib hissa qo‘shgandi.
Kuni kecha Borisov shahri jamoasi yana mamlakat kubogi finalida o‘ynadi.
Mavsum boshidan beri Shahboz Umarovni birorta uchrashuv qaydnomasiga kiritmayotgan BATE bosh murabbiyi Aleksandr Mixaylov bu galgi finalda o‘zbek legionerisiz o‘ynashni ma’qul topdi. Hal qiluvchi bahsda borisovliklar “Gomel”ga 1:2 hisobida yutqazib, sovrinni raqibga boy berdi.
BATE murabbiylar shtabining chempionatning eng kuchli legionerilaridan biri, klubning eng qimmat futbolchilari sirasiga kiruvchi Shahboz Umarovning xizmatlaridan foydalanmayotgani ko‘pchilik muxlisu mutaxassislarda savol keltirib chiqaryapti.
Aslida Umarov Belarus chempionatiga Evropaning kuchli ligalarini ko‘zlab yo‘l olgandi. Boshida hammasi rejadagidek ketdi. “Energetik-BGU”da nimalarga qodirligini ko‘rsatgan hamyurtimiz mamlakatning eng qudratli klubi BATEdan taklif oldi. Bu jamoada ham etakchiga aylandi va keyingi bekat – kuchliroq ligalarning qudratliroq klublari bo‘lishi kerak edi.
Lekin, afsuski, O‘zbekiston milliy terma jamoasining umidli o‘yinchilaridan hisoblangan Umarov maydondan tashqarida qolmoqda.
Hammaga ma’lumki, Shahboz Umarov mavsumoldi o‘rtoqlik uchrashuvlaridan birida yangi bosh murabbiy Aleksandr Mixaylov uni ikki marta qo‘pol so‘zlar bilan koyiganidan keyin hamyurtimiz o‘yinni tashlab maydondan chiqib ketgan edi.
Belarus futbolini yorituvchi by.tribuna.com sayti mutaxassislari voqealarning keyingi rivojini o‘rganib chiqdi.
BATE klubi rahbariyati jamoaning eng zo‘r o‘yinchisi va bosh murabbiy o‘rtasidagi vaziyatni oson hal qilish maqsadida Umarovni sotib yubormoqchi bo‘ladi. Klub o‘zi 100 ming evroga yaqin mablag‘ sarflagan o‘yinchini etti baravar qimmatiga narxladi. Biroq, Umarovni olmoqchi bo‘lgan klublar ko‘pi bilan 300 ming evrogacha taklif qilgan ularga ma’qul kelmadi.
Aslida Aleksandr Mixaylov Shahbozni o‘rinbosarlar tarkibiga jo‘natgandi. Umarov ham buni o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat, deb qabul qildi. Biroq hammaning nazari unga qaratilgan pallada birinchi mashg‘ulotga kelmadi. Ma’lum bo‘lishicha, ishga uning agentlari aralashib, o‘rinbosarlar mashg‘ulotiga bormaslikni tayinlagan ekan. Mazkur sayt Umarovning ishi bilan ikki agent shug‘ullanayotganini keltirmoqda.
Ayrim mutaxassislar agentlar bu orqali BATEga bosim o‘tkazishga qaror qilyapti. Ular klub o‘yinchini kirgan narxiga sotib yuborishiga erishmoqchi. Umarovning kelajagi ko‘p jihatdan agentlarga bog‘lanib qolgani aytilmoqda.
BATE rahbariyati mojaro kattalashib ketmaligini oldini olish maqsadida Shahboz Umarovni asosiy tarkib mashg‘ulotlariga qaytardi. Aleksandr Mixaylov intervyularidan birida o‘zbek futbolchisi umumiy guruhda shug‘ullanayotganini aytgan. Biroq, o‘yinlarga nega jalb qilinmayotganini ochiqlamadi.
Masalani o‘rganayotgan by.tribuna.com mutaxassislarining aytishicha, Umarov hamon mashg‘ulotlarda va ikki tomonlama o‘yinlarda faol ishtirok etyapti. Lekin agentlari talabiga ko‘ra, bosh murabbiy Mixaylov bilan yarashib olishdan o‘zini olib qochyapti. Bu amalda uning o‘yinlarga qo‘yilmayotganiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, Umarovning agentlari yozgi transferlar vaqtida o‘yinchining boshqa klubga ko‘chib o‘tishiga erishmoqchi. BATE jamoa o‘yinini har tomonlama kuchaytira oladigan futbolchi klubda qolishi kerak, degan fikrda.
Biroq, Umarovning o‘yindan tashqarida qolayotgani uning transfer summasining pasayishiga sabab bo‘lyapti va bu ketishda klub xo‘jayinlari asosiy aktivlari hisoblangan Umarovni o‘zlari ko‘zlagan narxga transfer qila olmay qoladi.
Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portalida hamyurtimizning Borisov klubi bilan shartnomas 2022 yilning 31 dekabrga tuzilgani ko‘rsatilgan. Demak, klub tezroq bir qarorga kelishi kerak.
Bu vaziyatda Umarovni ijaraga berish eng optimal variant sifatida e’tirof etilyapti. Xaridorlar yo‘q emas. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Torpedo-BelAZ” legionerimizni mavsum oxirigacha ijaraga olish harakatlarini boshlab yuborgan.
Shomurodov “Roma”ga kerakli ekanini isbotlay olmadi?
Mourino: MDH tomonlardan yana bir o‘yinchi olmasak bo‘lmaydi!
“Spartak” O‘runovni suhbatga chorladi. Maqsad aniq!
"Olimpiko"dagi so‘nggi golni urgan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?
Legionerimiz o‘ziga Evropaning kuchli ligalariga yo‘l ochmoqda!
“Roma”ning po‘stagini qoqamiz!
Legionerimiz: Murabbiy men bilan gaplashmay qo‘ydi!
Shomurodov, endi senga yanada qiyin bo‘ladi!
Fikrlar