
Evropa Ligasida dahshatli drama yoxud "Latsio" Konferentsiyalar ligasiga ravona bo‘ldi
“Feyenoord” Evropa ligasi guruh bosqichining so‘nggi turida “Latsio” ustidan minimal hisobda g‘alaba qozondi - 1:0.
Yagona gol 64-daqiqada hujumchi Santyago Ximenes tomonidan kiritildi.
“F” guruhining yana bir uchrashuvida “Midtyulland” “Shturm”ni mag‘lub etdi – 2:0. Daniya klubi tarkibida yarim himoyachi Anders Drayer dubl qayd etdi.
E’tiborlisi, yakunda to‘rt jamoa ham 8 ochkodan jamg‘ardi. To‘plar farqiga ko‘ra (13-9) "Feyenoord" kvartetda birinchi o‘rinni egalladi. "Midtyulland" ikkinchi o‘rinni egalladi, chunki ularda ham o‘tkazib yuborilgan va kiritilgan gollardagi farq yaxshiroq edi (12-8). "Latsio" uchinchi o‘rinni egalladi. "Shturm" esa guruhning so‘nggi pog‘onasidan joy oldi.
Natijada “Feyenoord” Evropa ligasining 1/8 finaliga, “Midtyullend” 1/16 finaliga chiqdi. "Latsio" Konferentsiya ligasining 1/16 finalida o‘ynaydigan bo‘ldi. Qiziqarli tomoni shundaki, "Latsio" va "Shturm" so‘nggi turga qadar guruhda 8 ochkodan to‘plab, 1 va 2-o‘rinlarni egallab turgan va 6-turda ularni durang ham qoniqtirar edi. Ammo yakunida ikki jamoa ham mag‘lub bo‘ldi va quyi pog‘onaga tushib ketdi.
Fikrlar